JIDUda Yaponiya va Xitoy san’atiga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tdi

JIDUda Yaponiya va Xitoy san’atiga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tdi

    JIDUda Yaponiya va Xitoy san’atiga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tdi

    JIDUda Yaponiya va Xitoy san’atiga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tdi

     Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida talabalarning Sharqiy Osiyo mamlakatlari an’analari, san’ati va ma’naviy merosi haqidagi bilimlarini kengaytirishga qaratilgan madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi.

    Shu kuni universitetda Yaponiyaning an’anaviy va zamonaviy san’atiga bag‘ishlangan “Ipak va siyoh” festivali bo‘lib o‘tdi. Tadbir dasturi yapon estetikasi – an’anaviy kimono libosining nafisligi va syodo xattotlik san’atining ikki muhim yo‘nalishiga bag‘ishlandi. Ishtirokchilar va mehmonlar yapon madaniyati bilan yaqindan tanishib, an’anaviy yozgi kimonolarni kiyib ko‘rishdi, shuningdek, xattotlik bo‘yicha mahorat darsida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Usta rahbarligida talabalar yapon xattotlik san’atiga xos bo‘lgan ruh va mo‘yqalam uyg‘unligi muhitiga sho‘ng‘igan holda, tarjimada “bahor” ma’nosini anglatuvchi “Xaru” iyeroglifini yozdilar. Tadbirda faxriy mehmonlar, jumladan, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) vakillari ishtirok etdi.

    Shuningdek, JIDUda Sharq tillari kafedrasi xitoy tili o‘qituvchilari tomonidan “Xitoy madaniyatiga sayohat” nomli madaniy-ma’rifiy tadbir ham tashkil etildi. Dastur doirasida ishtirokchilar Pekin operasi niqoblarining ramziy ma’nolari, xitoy xattotligi asoslari, milliy stol o‘yinlari hamda an’anaviy xitoy chiroqlarini yasashning qadimiy usullari bilan tanishdilar. Interfaol mashg‘ulotlar talabalarga nafaqat yangi bilimlar olish, balki Xitoyning boy madaniy merosiga amalda oshno bo‘lish imkonini berdi.

    Ikkala tadbir ham Sharq tillari kafedrasi tomonidan yapon va xitoy tili o‘qituvchilarining faol ishtirokida tashkil etildi. Bu tadbirlar madaniyatlararo muloqotni mustahkamlash, talabalarning sharq tillarini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda Yaponiya va Xitoy an’ana va qadriyatlarini chuqurroq anglash uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qildi.

    Bunday tashabbuslar universitetning xalqaro va madaniy-ta’lim muhitini rivojlantirishga hissa qo‘shadi, talabalarning dunyoqarashini kengaytiradi va JIDUning nafaqat kasbiy bilimlarga, balki yuksak darajadagi madaniyatlararo salohiyatga ega bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash markazi sifatidagi o‘rnini mustahkamlaydi.