
BRM 5 – Gender tenglik: mahallada ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha davra suhbati
BRM 5 – Gender tenglik: mahallada ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha davra suhbati

2026-yil 5-mart kuni Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Navnihol” mahalla fuqarolar yig‘ini binosida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Xalqaro huquq va ommaviy huquq fanlari kafedrasi dotsentlari Z. Israilova, Sh. Xamdamova va D. Soliyev tomonidan “Mahallada ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish hamda gender tenglikni rivojlantirish yo‘llari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Tadbirda mahalla raisi H. Sattarov va mahalla faollari ishtirok etdi.
Davra suhbatida gender tenglik nafaqat huquqiy, balki ijtimoiy va madaniy ahamiyatga ega masala ekani ta’kidlandi. Ma’ruzachilar ushbu tamoyil Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va Ayollarga nisbatan kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risidagi Konvensiyada mustahkamlanganini, Barqaror rivojlanish maqsadlarining 5-maqsadi ham aynan gender tenglikni ta’minlashga qaratilganini qayd etdi. Shuningdek, 2019-yilda qabul qilingan “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonun hamda Konstitutsiyaning tegishli moddalari mamlakatda gender siyosatining huquqiy poydevori ekani tushuntirildi.
Mahalla aholisiga quyidagi masalalar yuzasidan tushuntirish berildi: mahalla darajasida gender tenglikni ta’minlashning tashkiliy-huquqiy asoslari; ayollarning ta’lim, sog‘liqni saqlash, bandlik va tadbirkorlik sohalarida teng imkoniyatlarini kengaytirish; mahallada ayollar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashning ijtimoiy va ma’naviy omillari; gender stereotiplarni bartaraf etish va jamiyat ongida tenglik g‘oyalarini qaror toptirish yo‘llari.
Ma’ruzachilar mahalla aholining kundalik hayotiga eng yaqin ijtimoiy institut sifatida xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish va ularni ijtimoiy hayotga keng jalb etishda katta imkoniyatlarga ega ekanini ta’kidladi. Xotin-qizlar faoli lavozimining ahamiyati, mikrokreditlar, hunarmandchilik va kasb-hunar kurslari orqali ayollarning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash yo‘llari ham muhokama qilindi. So‘ngra aholini qiziqtirgan savollarga javob berildi.
Davra suhbati yakunida mahalla darajasida gender tenglikni ta’minlash ishlarini tizimli yo‘lga qo‘yish va ularning ijrosi ustidan samarali monitoring tizimini yaratish zarurligi qayd etildi.




