
JIDUda ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish masalalariga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi
JIDUda ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish masalalariga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi

Joriy yilning 11-may kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ayollar va bolalar huquqlarini himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 33-son Farmoni mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan targ‘ibot-tashviqot tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir JIDU Xotin-qizlar maslahat kengashi raisi, professor E. Sultanova boshchiligida tashkil etilib, unda Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Sh. Shakirova, Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB XPB XKMB katta inspektorlari hamda “Xalqaro munosabatlar” fakulteti koordinatori ishtirok etdi.
Tadbirni professor E. Sultanova kirish so‘zi bilan ochib berib, bugungi kunda ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish, ularning manfaatlarini ta’minlash, oilalarda sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy muhitni shakllantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligini alohida ta’kidladi. Shuningdek, tadbir mehmonlari va mutaxassislar talabalarga tanishtirildi.
Tadbir davomida Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi o‘rinbosari Sh. Shakirova Prezident Farmonining mazmun-mohiyati, unda belgilangan ustuvor vazifalar hamda ayollar va bolalarni har qanday zo‘ravonlik va tazyiqlardan himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berdi. U o‘z nutqida xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini oshirish, ularning huquqiy savodxonligini mustahkamlash hamda oilalarda sog‘lom muhitni qaror toptirish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek, tadbirda huquqiy masalalar yuzasidan F. Jumaniyazova tomonidan talabalarga amaldagi qonunchilikdagi yangiliklar, tazyiq va zo‘ravonlik holatlarida murojaat qilish tartiblari, himoya orderi berish mexanizmlari hamda fuqarolarning huquq va majburiyatlari haqida batafsil tushuntirishlar berildi.
Tadbir davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob oldilar. Ochiq muloqot shaklida o‘tgan uchrashuv yoshlarning huquqiy bilimlarini oshirish, ularda zo‘ravonlikka nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish hamda gender tenglik tamoyillarini keng targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etdi.




