
JIDUda “Yoshlar o‘rtasida erta nikohlarning oldini olish borasida Yangi O‘zbekistonning ustuvor siyosat yo‘nalishlari” mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi
JIDUda “Yoshlar o‘rtasida erta nikohlarning oldini olish borasida Yangi O‘zbekistonning ustuvor siyosat yo‘nalishlari” mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 6-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining “Xalqaro munosabatlar” fakulteti 1-kurs talabalari uchun “Yoshlar o‘rtasida erta nikohlarning oldini olish borasida Yangi O‘zbekistonning ustuvor siyosat yo‘nalishlari” mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Tadbirning asosiy maqsadi erta nikohning yoshlar hayotidagi psixologik, huquqiy va ijtimoiy oqibatlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berish, shuningdek, Yangi O‘zbekistonning mazkur yo‘nalishdagi ustuvor davlat siyosati bilan talabalarning tanishuvini ta’minlashdir. Seminar davomida erta turmushning ta’lim jarayoniga, shaxsiy rivojlanish va kelajak rejalarga ko‘rsatadigan salbiy ta’sirlari keng yoritildi.
Tadbirda yetakchi psixolog Karimova Barno ma’ruza bilan ishtirok etib, yoshlarning hissiy barqarorligi, to‘g‘ri hayotiy qaror qabul qilish jarayoni va psixologik xatolarning oldini olish bo‘yicha o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashadi. Shuningdek, trening davomida talabalar bilan jonli muloqot, real misollar asosida fikr almashinuvi va savol-javoblar tashkil etildi.
Seminar-treningda, shuningdek, JIDU xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashi raisi, professor E. Sultanova, hamda 1-kurs rahbari M. Abduraxmanova ham ishtirok etib, mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Ular erta nikohning profilaktikasi, ayollar faolligini oshirish, yoshlarning ijtimoiy himoyasi va ma’naviy kamolotini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga urg‘u berdilar.
Ushbu trening yoshlar ongida sog‘lom hayotiy qarashlarni shakllantirish, erta nikohning oldini olish bo‘yicha mas’uliyatli yondashuvni kuchaytirish, shuningdek, talabalarning huquqiy savodxonligini oshirishga xizmat qiladi. Tashkilotchilar trening yakunida ishtirokchilarga mavzuga oid zaruriy maslahatlar va tavsiyalarni taqdim etishdi.



