
JIDUda Yosh tadqiqotchilar forumi tashkil etildi
JIDUda Yosh tadqiqotchilar forumi tashkil etildi

2026-yil 7-may kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “O‘zbekiston Respublikasining ichki va tashqi siyosatidagi islohotlarga nisbatan yoshlarning qarashi” mavzusida Yosh tadqiqotchilar forumi tashkil etildi.
Forum yoshlarning ilmiy-tahliliy salohiyatini rivojlantirish, ularni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoniga faol jalb etish hamda 2026–2030-yillar uchun amaliy takliflarni ilgari surish maqsadida o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, “El-yurt umidi” jamg‘armasi, Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Yoshlar ishlari agentligi, Markaziy Osiyo xalqaro instituti hamda Professional ta’limni rivojlantirish instituti vakillari ishtirok etdilar.
Forumda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Vestminster xalqaro universiteti, Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti hamda boshqa ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari talabalari va yosh tadqiqotchilari ishtirok etdilar.
Forum davomida yosh tadqiqotchilar sud-huquq islohotlari, qonun ustuvorligini ta’minlash, majburiy sudgacha mediatsiya, O‘zbekiston tashqi siyosatining transformatsiyasi, Jahon savdo tashkilotiga a’zolik jarayoni, transport-logistika tizimini rivojlantirish, mehnat migratsiyasi va boshqa dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z tahliliy tadqiqotlari va takliflarini taqdim etdilar.
Mazkur forum yoshlar, ekspertlar va davlat idoralari vakillari o‘rtasida samarali muloqot maydoniga aylandi.




