
JIDU talabalari uchun Rahbar kadrlarni baholash markazida amaliy mashg‘ulot tashkil etildi
JIDU talabalari uchun Rahbar kadrlarni baholash markazida amaliy mashg‘ulot tashkil etildi

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti “Siyosatshunoslik” yo‘nalishi 3-bosqich talabalari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligining Rahbar kadrlarni baholash markaziga amaliy va tanishuv tashrifi tashkil etildi. Mazkur tashrif talabalarning nazariy bilimlarini amaliy tajriba bilan uyg‘unlashtirish, davlat boshqaruvi tizimida qo‘llanilayotgan zamonaviy baholash mexanizmlari bilan yaqindan tanishish hamda innovatsion texnologiyalarning boshqaruv jarayonlaridagi o‘rnini chuqurroq anglashga xizmat qildi.
Tashrif davomida talabalar markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, rahbar kadrlarni saralash va baholash mezonlari, inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha zamonaviy yondashuvlar haqida batafsil ma’lumot oldilar. Mutaxassislar tomonidan davlat boshqaruvi tizimida professional kompetensiyalarni aniqlash, liderlik salohiyatini baholash va samarali boshqaruv ko‘nikmalarini shakllantirish jarayonlari haqida taqdimotlar o‘tkazildi.
Shuningdek, talabalar markazda foydalanilayotgan innovatsion texnologiyalar va raqamli platformalar faoliyati bilan amaliy tarzda tanishdilar. Jumladan, BMI calculator orqali tana vazni indeksini aniqlash jarayoni, nomzodlarning bilim va kasbiy kompetensiyalarini baholashga mo‘ljallangan test platformalari, psixologik holatni tahlil qilish mexanizmlari hamda “Mind Tracker BCI (Neiry)” qurilmasi yordamida neyroko‘nikmalarni baholash tizimi namoyish etildi.
Ayniqsa, neyrotexnologiyalar asosida ishlovchi zamonaviy qurilmalar talabalarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ushbu tizimlar orqali insonning diqqat darajasi, stress holati, tezkor fikrlash va qaror qabul qilish qobiliyatlarini tahlil qilish imkoniyatlari haqida tushunchalar berildi. Bu esa zamonaviy davlat boshqaruvi tizimida innovatsion texnologiyalarning tobora muhim ahamiyat kasb etayotganini yaqqol namoyon etdi.
Tashrif yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldilar hamda davlat boshqaruvida inson kapitalini baholashning zamonaviy usullari yuzasidan fikr almashdilar. Mazkur amaliy tashrif bo‘lajak siyosatshunoslarning kasbiy dunyoqarashini kengaytirish, ularning tahliliy va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda kelgusidagi ilmiy va professional faoliyati uchun muhim tajriba vazifasini o‘tadi.
| Sana: | 08.05.2026 |
| Ko'rganlar soni: | 24 |
| Ulashish: |




