JIDUda birinchi Markaziy Osiyo qishki maktabi (Central Asia Winter School 2026) muvaffaqiyatli o‘tkazildi

JIDUda birinchi Markaziy Osiyo qishki maktabi (Central Asia Winter School 2026) muvaffaqiyatli o‘tkazildi

    JIDUda birinchi Markaziy Osiyo qishki maktabi (Central Asia Winter School 2026) muvaffaqiyatli o‘tkazildi

    JIDUda birinchi Markaziy Osiyo qishki maktabi (Central Asia Winter School 2026) muvaffaqiyatli o‘tkazildi

    5–10-yanvar 2026 kunlari Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) Markaziy Osiyo qishki maktabining ilk dasturiga mezbonlik qildi. Tadbir an’anaviy (oflayn) shaklda o‘tkazilib, Markaziy Osiyodagi asosiy siyosiy, iqtisodiy, geosiyosiy hamda ijtimoiy-ekologik jarayonlarni chuqur tahlil qilishga qaratilgan JIDUning birinchi yirik akademik tashabbusi bo‘ldi.

             Qishki maktabda jami 19 nafar ishtirokchi qatnashdi, shundan 15 nafari xorijiy va 4 nafari mahalliy ishtirokchilarni tashkil etdi. Xorijiy ishtirokchilar Belgiya, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Avstriya, Buyuk Britaniya, Qozog‘iston, Tojikiston, Fransiya va Germaniya davlatlaridan tashrif buyurib, xalqaro va fanlararo akademik muloqotning yuqori darajada tashkil etilishini ta’minladi.Xorijiy ishtirokchilar orasida yetakchi universitetlar va ilmiy muassasalar vakillari, jumladan Bryusseldagi CERIS Diplomatik maktabi, Vashington universiteti, Bishkekdagi YXHT Akademiyasi, Sent-Endryus universiteti, Grenobl Alp universiteti, Fransiya Geosiyosat instituti, Markaziy Osiyo Amerika universiteti, Viskonsin–Madison universiteti, Tartu universiteti, Bremen universiteti hamda Frankfurt Gyote universiteti vakillari ishtirok etdilar.

             Xalqaro ishtirokchilar bilan bir qatorda dasturda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkentdagi Vestminster xalqaro universiteti, Toshkentdagi Singapur Menejmentni rivojlantirish institute, hamda Toshkentdagi Amity universiteti vakillari ham ishtirok etdilar. Mahalliy ishtirokchilar xalqaro qatnashchilar bilan teng asosda akademik dasturga to‘liq integratsiya qilinib, barqaror akademik almashinuv va ilmiy-tadqiqot muloqotini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shdilar.

    Markaziy Osiyo qishki maktabining rasmiy ochilish marosimi 6-yanvar kuni bo‘lib o‘tdi. Unda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev tabrik nutqi bilan so‘zga chiqdi.

    Rektor o‘z nutqida ilk bor Markaziy Osiyo qishki maktabining JIDUda o‘tkazilayotganini alohida ta’kidlab, Markaziy Osiyoning zamonaviy xalqaro jarayonlardagi o‘rni tobora ortib borayotganini qayd etdi hamda mintaqada kechayotgan o‘zgarishlarni ilmiy asosda chuqur tahlil qilish muhimligini urg‘uladi. Shuningdek, u ishtirokchilarga samarali va mazmunli faoliyat tiladi.

    Akademik dastur doirasida ma’ruzalar va tahliliy sessiyalar Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektori hamda Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti direktori Akram Umarov; Afg‘oniston va Janubiy Osiyo tadqiqotlari markazining katta ilmiy xodimi Hamza Boltayev; Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vahobov; Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti huzuridagi Amerika tadqiqotlari markazi rahbari Ulug‘bek  Ishanxo‘jaev; Progressiv islohotlar markazi bosh ijrochi direktori Mirshohid Aslanov; Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti katta tadqiqotchisi Iskandar Abdullayev; JIDU Xalqaro iqtisodiyot kafedrasi dotsenti Xulkar Karimova; Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti huzuridagi Barqaror rivojlanish markazi direktori Shaxboz Axmedov, shuningdek Progressiv islohotlar markazi siyosiy tahlilchisi va JIDU katta o‘qituvchisi Islomxon Gafarov tomonidan olib borildi.

    Ma’ruza va munozaralar mavzusi keng va fanlararo masalalarni, jumladan, Markaziy Osiyoda mintaqaviy integratsiya jarayonlari va mintaqaviy o‘ziga xoslikni shakllantirish, geosiyosiy raqobat va tashqi aktorlarning manfaatlari, mintaqa mamlakatlarining ko‘p vektorli tashqi siyosatining o‘ziga xos xususiyatlari, mintaqaviy, transchegaraviy va suv xavfsizligi masalalarini qamrab oldi. Afg‘oniston omili va uning Markaziy Osiyo uchun ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va geosiyosiy oqibatlari, barqaror rivojlanish va ekologik xavfsizlik muammolari, iqlim o‘zgarishiga moslashish va tabiiy resurslarni boshqarish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Dastur doirasida iqtisodiy transformatsiya va tarkibiy islohotlar, investitsiya va savdo siyosati, energetika va transport bog‘liqligi, tranzit yo‘laklarini rivojlantirish, uzoq muddatli mintaqaviy strategiyalarni shakllantirishda tahliliy markazlar, ekspertlar hamjamiyati va akademik diplomatiyaning o‘rni masalalari ham ko‘rib chiqildi.

    Qishki maktab dasturida Markaziy Osiyo xalqaro institutiga tashrif, shuningdek, madaniy-ma’rifiy tadbirlar ham kiritilgan bo‘lib, ular doirasida ishtirokchilar Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Toshkent shahrining markaziy tarixiy va jamoat joylari, “Xotira va qadrlash” yodgorlik majmuasi va “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasida bo‘ldilar. Ushbu tadbirlar ishtirokchilarga O‘zbekistonning tarixiy, madaniy va ijtimoiy-siyosiy konteksti bilan chuqurroq tanishish imkonini berdi.

    Markaziy Osiyo qishki maktabi yakuniga ko‘ra, barcha ishtirokchilarga dasturni muvaffaqiyatli yakunlaganlik to‘g‘risidagi sertifikatlar topshirildi. “Central Asia Winter School 2026” ning o‘tkazilishi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining xalqaro akademik hamkorligini rivojlantirish va uning Markaziy Osiyoni o‘rganish bo‘yicha yetakchi ekspert-ta’lim platformasi sifatidagi rolini mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi.