
JIDU talabasi BMTning Jahon Turizm Tashkilotida nufuzli amaliyotni muvaffaqiyatli yakunladi
JIDU talabasi BMTning Jahon Turizm Tashkilotida nufuzli amaliyotni muvaffaqiyatli yakunladi

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) hamda BMTning Jahon Turizm Tashkiloti (UN World Tourism Organization) o‘rtasida 2025-yil 23-yanvar kuni Anglashuv memorandumi hamda talabalar amaliyotini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik shartnomasi imzolangan. Ushbu hamkorlik ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash, talabalar uchun xalqaro tajriba imkoniyatlarini kengaytirish hamda global miqyosdagi professional ko‘nikmalarni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Mazkur hamkorlik doirasida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Xalqaro munosabatlar fakulteti 4-bosqich talabasi Yo‘ldashaliyev Xusanboy BMT Jahon Turizm Tashkilotining Institutsional aloqalar, hamkorlik va advokatsiya departamentida 1-apreldan 30-aprelgacha haq to‘lanadigan nufuzli amaliyot dasturini muvaffaqiyatli yakunladi.
Amaliyot davomida u xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, tashkilotlararo aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, turizm sohasidagi global tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va ularni amaliyotga tatbiq etish jarayonlarida faol ishtirok etdi. Talaba o‘zining tashabbuskorligi, mas’uliyatli yondashuvi va professional ko‘nikmalari bilan xalqaro jamoa e’tiborini qozondi.
Dastur yakunida Yo‘ldashaliyev Xusanboy BMT Jahon Turizm Tashkiloti Bosh kotibi Shaikha Al Nowais tomonidan qabul qilinib, unga amaliyot dasturini muvaffaqiyatli tamomlagani uchun rasmiy sertifikat topshirildi.




