
Talabalar uchun ma’naviy-ma’rifiy ekskursiya tashkil etildi
Talabalar uchun ma’naviy-ma’rifiy ekskursiya tashkil etildi

Joriy yil 4-may sanasida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti “Xalqaro munosabatlar” fakulteti talabalari hamda kafedra o‘qituvchilari M.Abduraxmanova hamda D.Xudoyberganova tomonidan Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif amalga oshirildi.
Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad talabalarning tarixiy-madaniy merosimiz, islom sivilizatsiyasining jahon taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi hamda boy ilmiy an’analari haqidagi bilimlarini kengaytirishdan iborat bo‘ldi.
Tashrif davomida talabalar markazdagi noyob qo‘lyozmalar, tarixiy eksponatlar va zamonaviy interaktiv ko‘rgazmalar bilan yaqindan tanishdilar. Ayniqsa, buyuk allomalarimizning ilm-fan rivojiga qo‘shgan hissasini aks ettiruvchi materiallar talabalarda katta taassurot qoldirdi.
Shuningdek, ekskursiya davomida mutaxassislar tomonidan islom sivilizatsiyasining shakllanishi, uning global madaniyat va ilm-fan taraqqiyotidagi o‘rni haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Bu esa talabalar uchun nazariy bilimlarini amaliy kuzatuvlar bilan boyitish imkonini yaratdi.
Mazkur tashrif talabalarning dunyoqarashini kengaytirish, tarixiy merosga hurmat ruhini mustahkamlash hamda xalqaro munosabatlar sohasidagi bilimlarini chuqurlashtirishda muhim ahamiyat kasb etdi.




