JIDUda xalqaro xususiy huquqda vorislik munosabatlarining nazariy va amaliy masalalari muhokama qilindi

JIDUda xalqaro xususiy huquqda vorislik munosabatlarining nazariy va amaliy masalalari muhokama qilindi

    JIDUda xalqaro xususiy huquqda vorislik munosabatlarining nazariy va amaliy masalalari muhokama qilindi

    JIDUda xalqaro xususiy huquqda vorislik munosabatlarining nazariy va amaliy masalalari muhokama qilindi

    Joriy yilning 29-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Xalqaro xususiy huquqda vorislik munosabatlari” mavzusiga bag‘ishlangan mahorat darsi bo‘lib o‘tdi. Tadbir xalqaro xususiy huquqda meros huquqining kollizion masalalari, O‘zbekistonda chet el fuqarolarining meros huquqlari hamda egasiz qolgan mol-mulkning huquqiy rejimini o‘rganish maqsadida “Fuqarolik huquqi va xalqaro xususiy huquq fanlari” kafedrasi mudiri Sherzodbek Masadikov va kafedra o‘qituvchisi Nosirov Qobiljon tomonidan tashkil etildi.

    Mahorat darsida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining Xalqaro hamkorlik departamenti mutaxassisi Qurbonov Behruz o‘z ma’ruzasi bilan ishtirok etdi. U o‘z ma’ruzasida xalqaro xususiy huquqda vorislik munosabatlarini tartibga soluvchi kollizion normalar, chet el fuqarolarining O‘zbekistondagi meros huquqlari, shuningdek, vasiyatsiz va egasiz qolgan mol-mulkning huquqiy rejimi masalalarini sud amaliyoti misollarida tahlil qildi.

    Tadbirda “Xalqaro huquq” fakultetining professor-o‘qituvchilari bilan bir qatorda, ushbu fakultetning 3-kurs talabalari faol ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirgan savollari yuzasidan fikr almashdilar.

    Ushbu tadbir Barqaror rivojlanishning 16-maqsadi – “Tinchlik, adolat va samarali institutlar” g‘oyalari bilan hamohangligi bilan ajralib turadi. Xalqaro vorislik munosabatlarida huquqiy jihatdan adolatlilik va kollizion normalarning aniqligi mamlakatimizga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va fuqarolarning mulkiy huquqlarini ishonchli himoya qilishning asosiy omillaridan biri ekanligi alohida ta’kidlandi.

    Tadbir yakunida BRMning 16-maqsadi (qonun ustuvorligini ta’minlash va odil sudlov imkoniyatlarini kengaytirish) bilan xalqaro xususiy huquqdagi meros munosabatlarida adolat, tenglik va fuqarolarning huquqlarini himoya qilish prinsiplari qanchalik uzviy bog‘liqligi xususida xulosalar qilindi.

    Bunday mahorat darslari bo‘lajak xalqaro huquqshunoslarda zamonaviy huquqiy tafakkurni shakllantirishga, nazariya va amaliyotning mustahkam integratsiyasini ta’minlashga xizmat qiladi.