JIDU talabalari “Yevropa Ittifoqi Festivali 2026” tadbirida ishtirok etdilar

JIDU talabalari “Yevropa Ittifoqi Festivali 2026” tadbirida ishtirok etdilar

    JIDU talabalari “Yevropa Ittifoqi Festivali 2026” tadbirida ishtirok etdilar

    JIDU talabalari “Yevropa Ittifoqi Festivali 2026” tadbirida ishtirok etdilar

    Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) “Xalqaro munosabatlar” yo‘nalishi 3-bosqich talabalari 2026-yil 2-may kuni Toshkent shahridagi Yoshlar ijod saroyida “Yevropa kuni” munosabati bilan tashkil etilgan “Yevropa Ittifoqi Festivali 2026” tadbirida faol ishtirok etdi. Tadbir Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti “Xalqaro munosabatlar” kafedrasi dotsenti A.M. Radjabova rahbarligida, “Zamonaviy xalqaro munosabatlarda Yevropa Ittifoqi” fani doirasida tashkil etildi.

    Mazkur festival xalqaro miqyosdagi muhim platforma bo‘lib, unda 50 ga yaqin xalqaro tashkilotlar vakillari, Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar elchilari, xorijiy ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Tadbir davomida talabalar turli pavilyonlarga tashrif buyurib, Yevropa davlatlarining ta’lim dasturlari, shuningdek, Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalar bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

    Festival doirasida taqdim etilgan xalqaro tashabbus va dasturlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan ilgari surilgan Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan uyg‘un holda amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Xususan, mazkur tadbir 16-maqsad — Tinchlik, adolat va samarali boshqaruv, hamda 17-maqsad — Barqaror rivojlanish yo‘lida global hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim platforma sifatida namoyon bo‘ldi.

    Talabalar UNDP, UNESCO, UNFPA, GIZ, Konrad Adenauer Foundation hamda Goethe-Institut kabi yetakchi xalqaro tashkilotlarning O‘zbekistondagi faol loyihalari va dasturlariga katta qiziqish bildirdilar.

    Mazkur tadbir talabalarning nazariy bilimlarini amaliy tajriba bilan boyitish, xalqaro hamkorlik mexanizmlarini chuqurroq anglash hamda global rivojlanish jarayonlarida faol ishtirok etish ko‘nikmalarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.