
Abdurauf Fitrat tavalludining 140 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi
Abdurauf Fitrat tavalludining 140 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi

Joriy yilning 1-may kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari hamda o‘zbek va rus tillari kafedrasi o‘qituvchilari tomonidan o‘zbek adabiyotining atoqli namoyandasi, shoir, yozuvchi, tilshunos, adabiyotshunos, tarixchi, faylasuf, san’atshunos va jamoat arbobi Abdurauf Fitrat tavalludining 140 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirdan asosiy maqsad Abdurauf Fitratning boy ilmiy va adabiy merosini keng targ‘ib etish, yoshlar ongiga milliy o‘zlikni singdirish, vatanparvarlik va ma’naviy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini shakllantirishdan iborat edi.
Tadbir davomida o‘zbek va rus tillari kafedrasi dotsenti, adabiyotshunos olima Shoira Normatova bilan davra suhbati uyushtirildi, unda Abdurauf Fitratning hayoti va ijodi haqida qiziqarli faktlar, ilmiy izlanishlar natijalari haqida axborot berildi. Shu bilan birga Fitratning jadidchilik harakatidagi o‘rni, uning o‘zbek adabiyoti, tilshunoslik va tarix fanlariga qo‘shgan ulkan hissasi haqida alohida to‘xtaldi. Shuningdek, adibning asarlarida ilgari surilgan g‘oyalar bugungi kunda ham dolzarbligini ta’kidladi.
Tadbir jarayonida talabalar Fitrat asarlaridan parchalar o‘qidilar, uning hayoti va faoliyati yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Talabalar adibning ilmiy va ijodiy merosini o‘rganish orqali o‘z bilimlarini yanada boyitdilar.
Mazkur tadbir talabalarda katta taassurot qoldirdi. Ular bunday ma’rifiy tadbirlarni muntazam ravishda o‘tkazib borish istagini bildirdilar.
Abdurauf Fitrat tavalludining 140 yilligiga bag‘ishlangan ushbu adabiy-ma’rifiy tadbir yoshlarning ma’naviy dunyoqarashini kengaytirishda, ularni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.




