Global geoiqtisodiy transformatsiyalar sharoitida Yangi O‘zbekiston iqtisodiy barqarorligi

Global geoiqtisodiy transformatsiyalar sharoitida Yangi O‘zbekiston iqtisodiy barqarorligi

    Global geoiqtisodiy transformatsiyalar sharoitida Yangi O‘zbekiston iqtisodiy barqarorligi

    Global geoiqtisodiy transformatsiyalar sharoitida Yangi O‘zbekiston iqtisodiy barqarorligi

    2026-yil 30-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Global geoiqtisodiy jarayonlar transformatsiyasi sharoitida Yangi O‘zbekistonning iqtisodiy barqarorligini ta’minlashning asosiy yo‘nalishlari va istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Gibrid formatda tashkil etilgan mazkur nufuzli anjumanda mahalliy va xorijiy ekspertlar, professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar, doktorantlar hamda davlat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

    Konferensiya global geoiqtisodiy o‘zgarishlarning milliy iqtisodiyotlarga ta’siri, iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash mexanizmlari, investitsiya muhitini takomillashtirish, raqamli transformatsiya, innovatsion rivojlanish va xalqaro iqtisodiy integratsiya masalalariga bag‘ishlandi. Tadbir davomida Yangi O‘zbekistonning global iqtisodiyotdagi o‘rni va iqtisodiy xavflarga nisbatan chidamliligini mustahkamlashning dolzarb yo‘nalishlari muhokama qilindi.

    Tadbirni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining raqamli transformatsiya va iqtisodiyot masalalari bo‘yicha prorektori M.M. Djalalov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Prorektor o‘z nutqida jahon iqtisodiyotining transformatsiyalashuvi sharoitida xalqaro ilmiy hamkorlik va tajriba almashishning dolzarbligi va ahamiyatini ta’kidlab, Yangi O‘zbekistonning iqtisodiy barqarorligini mustahkamlashda raqamli texnologiyalar va innovatsion yondashuvlarning muhim rolini qayd etdi.

    Anjumanda AQSH, Ozarbayjon, Pokiston va Turkiyadan yetakchi ekspertlar va olimlar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar. Jumladan, AQSHdan bank texnologiyalari muhandisi va FinTech asoschisi Ismail Nod O‘zbekiston iqtisodiy transformatsiyasining zamonaviy bosqichlari haqida ma’ruza qildi. Ozarbayjon Respublikasi Fan va ta’lim vazirligi Iqtisodiyot instituti vakillari — Ellada Xankishiyeva, Matanat Abdalova hamda Gulnar Samadova mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik, innovatsion rivojlanish va turizm aloqalarining istiqbollari bo‘yicha o‘z ilmiy qarashlarini taqdim etdilar. Turkiyadan professor İsrafil Boyaci barqaror rivojlanish va sog‘liqni saqlash tizimining iqtisodiy barqarorlikka ta’siri yuzasidan ma’ruza bilan qatnashdi. Pokistonlik ekspert, PhD Irtaza Nawaz esa aqlli turizm texnologiyalarining Yangi O‘zbekiston iqtisodiy rivojlanishidagi o‘rni haqida fikr bildirdi.

    Shuningdek, konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti vakillari tomonidan investitsion siyosat, sanoat diversifikatsiyasi, eksport salohiyatini oshirish va elektron tijoratni rivojlantirish masalalari yuzasidan ilmiy-amaliy taqdimotlar o‘tkazildi.

    Konferensiya ikki asosiy sessiya doirasida tashkil etilib, birinchi sessiyada global geoiqtisodiy o‘zgarishlar sharoitida iqtisodiy barqarorlik va xavflarni boshqarish strategiyalari muhokama qilindi. Ikkinchi sessiya esa raqamli iqtisodiyot, innovatsiyalar va global qiymat zanjirlarida Yangi O‘zbekistonning xalqaro raqobatbardoshligini oshirish masalalariga bag‘ishlandi.

    Xalqaro konferensiya natijalarini sarhisob qilib, "Xalqaro iqtisodiyot" kafedrasi mudiri, i.f.n., dotsent L.M. Tashpulatova konferensiya ishtirokchilari tomonidan bildirilgan ilmiy taklif va tavsiyalar asosida iqtisodiy siyosatni takomillashtirish, xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta’minlashga qaratilgan amaliy tavsiyalar ishlab chiqish muhimligini ta’kidladi.