
JIDUda “Yetakchi ayolning jamiyatdagi roli va oiladagi o‘rni” mavzusida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi
JIDUda “Yetakchi ayolning jamiyatdagi roli va oiladagi o‘rni” mavzusida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 29-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Yetakchi ayolning jamiyatdagi roli va oiladagi o‘rni” mavzusiga bag‘ishlangan Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha Maslahat-kengashining navbatdagi ilmiy-amaliy seminari bo‘lib o‘tdi.
Mazkur seminar jamiyat hayotida xotin-qizlarning tutgan o‘rni, ularning yetakchilik salohiyatini rivojlantirish, oiladagi va ijtimoiy hayotdagi mas’uliyatli vazifalari, shuningdek, gender tenglikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlandi.
Tadbirning asosiy spikeri sifatida Pirmuxamedova Umida Baxtiyarovna ishtirok etdi. U kishi O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi raisi maslahatchisi, Xotin-qizlar Maslahat-kengashi raisi, polkovnik hamda yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori sifatida xotin-qizlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi roli va yetakchilik fazilatlarini rivojlantirish masalalari yuzasidan mazmunli ma’ruza qildi.
Shuningdek, tadbir davomida E. Sultanova so‘zga chiqib, tarixdan bugungi kungacha xalqaro maydonda nom qoldirgan lider ayollar faoliyati haqida atroflicha fikr yuritdi. U o‘z nutqida O‘zbekiston Respublikasida davlat siyosatida ayollar mavqeiga alohida e’tibor qaratilayotgani, xotin-qizlar uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani, bu borada qabul qilinayotgan farmon va qarorlarning ahamiyatini alohida ta’kidladi.
Ilmiy-amaliy seminar jonli muloqot va savol-javoblar shaklida tashkil etilib, unda talaba-yoshlar hamda professor-o‘qituvchilar faol qatnashdilar. Tadbir davomida talaba-qizlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javob oldilar hamda foydali tavsiyalar bilan tanishdilar.
Shuningdek, uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi bilan kelgusida o‘zaro hamkorlik aloqalarini muntazam yo‘lga qo‘yish, xotin-qizlar masalalari, yoshlar tarbiyasi hamda kasbiy rivojlanish yo‘nalishlarida qo‘shma tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Seminar yakunida tashrif buyurgan mehmonlarga sertifikatlar hamda universitetning esdalik sovg‘alari topshirildi.
Mazkur tadbir xotin-qizlarning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni, ularning ilmiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini rag‘batlantirish, shuningdek, yosh avlodni yetuk va faol ayollar timsolida tarbiyalashga xizmat qiluvchi muhim muloqot maydoniga aylandi.
| Sana: | 29.04.2026 |
| Ko'rganlar soni: | 34 |
| Ulashish: |




