
XDP va JIDU hamkorligida talabalar o‘rtasida yirik “Zakovat” musobaqasi tashkil qilindi
XDP va JIDU hamkorligida talabalar o‘rtasida yirik “Zakovat” musobaqasi tashkil qilindi

Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi Toshkent shahar Kengashi hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamkorligida intellektual salohiyatni oshirish, yoshlarning bilim va tafakkurini rivojlantirish maqsadida “Zakovat” musobaqasi tashkil etildi.
Mazkur musobaqada Toshkent shahridagi 22 ta yetakchi oliy ta’lim muassasalari jamoalari ishtirok etib, o‘z bilimlari va mantiqiy fikrlash qobiliyatlarini sinovdan o‘tkazdilar.
Tadbirning ochilish marosimida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi Toshkent shahar Kengashi raisi I. Tokareva so‘zga chiqib, bunday intellektual bellashuvlar yoshlarning salohiyatini namoyon etishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Shuningdek, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Yoshlar masalalari hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori O. Yusufjonov tadbir ishtirokchilariga omad tilab, musobaqaga tantanali ravishda start berdi.
Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslar yakuniga ko‘ra quyidagi jamoalar faxrli o‘rinlarni egalladi:
1-o‘rin – Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti jamoasi
2-o‘rin – Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti jamoasi
3-o‘rin – Oʻzbekiston Milliy universiteti jamoasi
Tadbir so‘ngida barcha ishtirok etgan jamoalarga faol ishtiroki uchun Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi. G‘olib va sovrindor jamoalar esa diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Mazkur musobaqa yoshlar o‘rtasida bilimga bo‘lgan qiziqishni oshirish, intellektual muhitni kengaytirish hamda oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi.



