
JIDU talabalari Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan “Qaldirg‘och” loyihasi doirasida ko‘zi ojiz va zaif ko‘radigan bolalar maktabiga tashrif buyurdi
JIDU talabalari Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan “Qaldirg‘och” loyihasi doirasida ko‘zi ojiz va zaif ko‘radigan bolalar maktabiga tashrif buyurdi

Joriy yilning 4-dekabr kuni 3-dekabr — Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) Yuridik Klinikasi tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Qaldirg‘och” loyihasi doirasida JIDU talabalari 77-son ko‘zi ojiz va zaif ko‘radigan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktabga tashrif buyurdi.
Mazkur tashrif Xalqaro nogironlar kuni doirasida nogironligi bo‘lgan bolalarning huquqlarini targ‘ib qilish, ularni qo‘llab-quvvatlash va ularning hayotida ijtimoiy faollikni kuchaytirishga qaratilgan xayrli tashabbus sifatida o‘tkazildi. Loyiha, ayniqsa, voyaga yetmaganlarning, shu jumladan qizlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish va ijtimoiy himoyasini kuchaytirishni maqsad qiladi.
Tashrif davomida JIDU talabalari maktab o‘quvchilari uchun turli ma’rifiy, rivojlantiruvchi va ijodiy mashg‘ulotlar o‘tkazishdi:
– Bolalarning asosiy huquqlari bo‘yicha interaktiv taqdimot.
O‘quvchilarga ularning asosiy huquqlari sodda, qiziqarli va oson anglashiladigan tarzda tushuntirildi.
– Rivojlantiruvchi o‘yinlar va viktorina.
Talabalar bolalar bilan birgalikda fikrlash, xotirani mustahkamlash va ijtimoiy faollikni oshirishga xizmat qiluvchi o‘yinlar o‘tkazdi, shuningdek, huquqiy savodxonlikka oid viktorina tashkil etildi.
– Badiiy–ijodiy mashg‘ulotlar.
Origami san’ati bo‘yicha ijodiy mashg‘ulotlar tashkil qilinib, jarayon davomida bolalar huquqlari va ularni himoya qilishga oid mavzular do‘stona muhitda muhokama qilindi.
Loyihaning maqsadi va ahamiyati
JIDU Yuridik Klinikasi vakili ta’kidladi:
“‘Qaldirg‘och’ loyihasi yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularning ijtimoiy himoyasini mustahkamlash va bolalarga zarur ijtimoiy-huquqiy ko‘mak ko‘rsatishga qaratilgan. Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan amalga oshirilgan bugungi tashrifimiz orqali biz ularning qalbiga mehr, motivatsiya va qo‘llab-quvvatlovimizni ulashdik.”
Uchrashuv so‘ngida talabalar va o‘quvchilar birgalikda “O‘zbekiston” qo‘shig‘ini kuyladilar. Bu jarayon tadbirga iliq, samimiy va esda qolarli ruh bag‘ishlab, ikki tomon o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamladi.




