
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Metodologik kengashi doirasida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Metodologik kengashi doirasida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi

2026-yil 23-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Metodologik kengashi doirasida “Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni va undan kelib chiqadigan muhim vazifalar” mavzusiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi.
Ilmiy-amaliy seminarda JIDU O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining Birinchi o‘rinbosari, JIDU Rektori S.S. Safoyev, Akademik ishlar bo‘yicha birinchi prorektor A.A. Umarov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Dadabayev T.Yu., Akademik Kengashi a`zolari va professor-o‘qituvchilari qatnashdilar.
Metodologik kengash yig`ilishining asosiy qismida JIDU Akademik ishlar bo‘yicha birinchi prorektor, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent Umarov A.A. so`zga chiqdi.
Ma`ruza va taqdimotda “Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to`g`risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni (PF-58)da belgilangan strategik maqsad va vazifalar, mohiyatiga katta e`tibor qaratildi. Belgilangan maqsadlar “U 10” dasturi tamoyillariga muvofiq “yuqori salohiyatli oliy ta`lim tashkilotlarini xalqaro miqyosida raqobatbardosh va iqtidorli yoshlar uchun ilmiy-intellektual markazlarga aylantirish”ga qaratilgandir. Shuningdek, PF-58 Farmonida O‘zbekistonning xalqaro ta’lim kabi sifatidagi salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar majmuini belgilovchi “yoʻl xaritasi” ham ishlab chiqilgan.
Farmonning dasturiy maqsad va vazifalariga muvofiq JIDU rivojlanishining ustuvor yo`nalishlariga alohida urg`u berildi, ular quyidagilardir: (i) JIDUni milliy tadqiqot universitetiga aylantirish, (ii) Universitetning ilmiy salohiyatini yanada oshirish, (iii) Top 300dagi ta`lim muassasalari bilan hamkorlikni mustahkamlash, (iv) Universitetning tadqiqot infratuzilmasini modernizatsiya qilish, (v) ta`lim dasturlarini xalqaro miqyosda tan olinishini ta`minlash, (vi) ilmiy va ta`lim salohiyatini strategik ustunlikka “o`girish” va barqaror moliyaviy asoslarni yaratish, (vii) Universitetning ilmiy, akademik va institutsional raqobatbardoshligini oshirish, (viii) xalqaro talabalarni qabul qilish tizimini takomillashtirish va (ix) ta`lim dasturlari, amaliyot hamda bitiruvchilarning kelajakdagi ish bilan ta`minlanganligi kabi masalalarning uyg`unligini ta`minlash.
Seminarning yakuniy qismi, savollar va javoblar doirasida Farmonda ko`zda tutilgan ilmiy klasterlarni yaratish bo`yicha mezonlar va talablar; klaster yaratilishida turli sohalar doirasida xalqaro ilmiy va akademik hamkorlikning ustuvor yo'nalishlarining belgilanishi jarayoni; oliy ta`lim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirishdagi mavjud muammolar va xavflar to`g`risida dolzarb bo`lgan masalalarga alohida ahamiyat qaratildi.




