
JIDUda franshizing shartnomasining nazariy va amaliy masalalari muhokama qilindi
JIDUda franshizing shartnomasining nazariy va amaliy masalalari muhokama qilindi

Joriy yilning 7-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida zamonaviy fuqarolik huquqining eng istiqbolli yo‘nalishlaridan biri – “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik huquqida kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasining ahamiyati va rivojlanish istiqbollari” mavzusiga bag‘ishlangan mahorat darsi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir talabalarning fuqarolik huquqi va intellektual mulk huquqi sohasidagi bilimlarini hayotiy keyslar bilan boyitish, global brendlarning milliy bozorga kirib kelishidagi huquqiy tendensiyalarni tahlil qilish maqsadida “Fuqarolik huquqi va xalqaro xususiy huquq fanlari” kafedrasi mudiri Sherzodbek Masadikov va kafedra professori Nargiza Raimova tomonidan tashkil etildi.
Mahorat darsida “Mirzo Ulug‘bek Advokatlari Hayati” Advokatlik tuzilmasida advokat yordamchilari bo‘lib faoliyat yuritayotgan Sultonboyeva Zilola hamda Umurqulova Rushana o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi. Tadbirda kafedra professor-o‘qituvchilari bilan bir qatorda, “Xalqaro huquq” fakultetining talabalari faol qatnashib, sohadagi nozik huquqiy jihatlar, xususan, nou-xau va savdo belgilaridan foydalanish huquqini berish yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar.
Mashg‘ulot davomida O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 50-bobi prizmasi orqali franshizing shartnomasining tushunchasi, uning tuzilishidagi o‘ziga xos protseduralar hamda taraflarning o‘zaro huquq va majburiyatlari atroflicha tahlil qilindi. Ushbu ilmiy-amaliy muloqot Barqaror rivojlanishning 8-maqsadi – “Munosib ish joylari va iqtisodiy o‘sish” hamda 9-maqsadi – “Sanoatlashtirish, innovatsiyalar va infratuzilma” g‘oyalari bilan hamohangdir. Kichik va o‘rta biznesning tayyor biznes-modellar asosida rivojlanishi mamlakatimizda iqtisodiy barqarorlikning muhim omili ekanligi alohida ta’kidlandi.
Tadbir yakunida BRMning 16.3-bandi – “Qonun ustuvorligini ta’minlash va odil sudlov imkoniyatlarini kengaytirish” tamoyillari tadbirkorlik erkinligi va intellektual mulk daxlsizligi bilan qanchalik uzviy bog‘liqligi xususida xulosalar qilindi. Bu kabi mahorat darslari bo‘lajak huquqshunoslarda zamonaviy shartnomaviy munosabatlarga nisbatan tanqidiy va tahliliy yondashuvni shakllantirishga xizmat qiladi.




