Muvaffaqiyat strategiyasi: JIDUda ruhiy barqarorlik va ijtimoiy faollik omillari

Muvaffaqiyat strategiyasi: JIDUda ruhiy barqarorlik va ijtimoiy faollik omillari

    Muvaffaqiyat strategiyasi: JIDUda ruhiy barqarorlik va ijtimoiy faollik omillari

    Muvaffaqiyat strategiyasi: JIDUda ruhiy barqarorlik va ijtimoiy faollik omillari

    Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida talabalarning shaxsiy o‘sishi, intellektual salohiyatini ruhiy quvvat bilan uyg‘unlashtirish hamda ularning ijtimoiy moslashuvchanligini oshirishga qaratilgan tadbirlar tizimli ravishda davom etmoqda. Xususan, hafta davomida universitet psixologi N.Norova, Yoshlar ishlari ofisi mutaxassisi F.Ernazarova hamda kurs koordinatorlari hamkorligida “Yuksak muvaffaqiyat – ruhiy kuch strategiyasi” mavzusida turkum seminar-treninglar tashkil etildi.

    Mazkur treninglarning asosiy maqsadi — talabalarga o‘z oldiga qo‘ygan yuksak marralarga erishishda zarur bo‘lgan psixologik daxldorlik va ichki resurslarni to‘g‘ri boshqarish ko‘nikmalarini o‘rgatishdir. Mashg‘ulotlar davomida psixolog talabalarga muvaffaqiyatga olib boruvchi hayotiy strategiyalar, stressli vaziyatlarda ruhiy barqarorlikni saqlash, o‘ziga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash va jamoada sog‘lom psixologik muhit yaratish prinsiplari haqida tushunchalar berib o‘tdi. Talabalar o‘rtasida o‘zaro hurmat va bir-birini qo‘llab-quvvatlash madaniyati umumiy muvaffaqiyatning poydevori ekanligi alohida qayd etildi.

    Tadbirning amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan qismida talabalarning ijtimoiy faoliyatini tizimlashtirish masalalari tahlil qilindi. Yoshlar ishlari ofisi mutaxassisi F.Ernazarova talabalarga universitetda joriy etilgan “Ijtimoiy faollik indeksi”ning mazmun-mohiyati va uning shaxsiy yuksalishdagi strategik ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berdi. Mutaxassis ushbu indeks talabalarning nafaqat bugungi o‘quv jarayonidagi ishtirokini, balki kelajakda professional kadr bo‘lib yetishishlaridagi ijtimoiy mas'uliyatini ham belgilab berishini ta’kidladi. Shuningdek, universitetda faoliyat yuritayotgan klublar, maxsus kurslar va to‘garaklar imkoniyatlari yoshlarga yaqindan tanishtirildi.

    Kurs koordinatorlari bilan yaqin hamkorlikda muntazam o‘tkazib borilayotgan bu kabi treninglar talabalarning ruhiy dunyosini boyitish, ularni qiyinchiliklardan qo‘rqmasdan, doimiy o‘z ustida ishlashga undash va ichki potensialini to‘g‘ri strategiya asosida safarbar etishga xizmat qiladi. Hafta davomida o‘tkazilgan ushbu muloqotlar talabalarning psixologik jihatdan mustahkam va jamiyatda faol shaxs bo‘lib yetishishlari uchun muhim zamin yaratdi.