
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti vakillari xalqaro ilmiy konferensiyada ishtirok etdilar
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti vakillari xalqaro ilmiy konferensiyada ishtirok etdilar

2026-yil 10-aprel kuni Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida “New Trends in Foreign Language Teaching: Inclusive Education and Innovations in EFL/ESP” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Mazkur nufuzli anjumanda mahalliy va xorijiy oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilar hamda talabalar ishtirok etdilar.
Konferensiyaning “Inclusive education approaches in EFL/ESP” sho‘ba yig‘ilishida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Ingliz tili kafedrasi katta o‘qituvchisi Voxidova Nargiza Nuridinovna hamda universitet Xalqaro huquq fakulteti 2-bosqich talabasi Davlatova Kamola o‘z ilmiy taqdimotlari bilan qatnashdilar. Ular “The role of the teacher’s personality in organizing a favorable learning environment in inclusive education” mavzusida ma’ruza qilib, ta’lim jarayonida pedagogning shaxsiy fazilatlari, uning motivatsion yondashuvi va ijobiy psixologik muhitni yarata olishining ahamiyati yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Taqdimot konferensiya ishtirokchilari tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Muhokamalar jarayonida inklyuziv ta’limni rivojlantirish, zamonaviy pedagogik metodlarni qo‘llash hamda talabalarning individual ehtiyojlariga mos ta’lim muhitini yaratish masalalari yuzasidan samarali fikr almashildi.
Mazkur konferensiyada ishtirok etish Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari, ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan tashabbuslar hamda xalqaro akademik hamkorlikni rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlarning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.




