
Fransuz tili to‘garagi ishtirokchilari ekologik yo‘nalishdagi qisqa metrajli filmlar namoyishida
Fransuz tili to‘garagi ishtirokchilari ekologik yo‘nalishdagi qisqa metrajli filmlar namoyishida

JIDUning fransuz tilida faoliyat yurituvchi to‘garak ishtirokchilari joriy yilning 14-aprel kuni Toshkent shahrida joylashgan Goethe-Institut binosida Toshkent Fransuz Alyansi, O‘zbek kino ixlosmandlari assotsiatsiyasi (UAFMA), Goethe-Institut, Interegio hamda Archipop tashkilotlari hamkorligida tashkil etilgan havaskor qisqa metrajli filmlar namoyishida faol qatnashdilar.
Mazkur tadbir “Suv” mavzusi asosida turli mamlakatlar kinoijodkorlari tomonidan yaratilgan ekologik yo‘nalishdagi qisqa metrajli filmlar namoyishiga bag‘ishlandi. Namoyishda O‘zbekiston, Fransiya va Germaniyadan kelgan mualliflarning ijodiy ishlari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi ko‘magida tashkil etilgan “Engage H2O” ekologik kino yozgi maktabi loyihasi doirasida yaratilgan filmlar taqdim etildi.
Tadbir davomida talabalar nafaqat kino san’ati bilan yaqindan tanishdilar, balki ekologik muammolar, xususan suv resurslarini asrash, barqaror foydalanish va global ekologik ongni shakllantirish masalalari yuzasidan o‘z bilim va tushunchalarini kengaytirdilar.
Talabalar ushbu tadbir orqali fransuz tilidagi autentik materiallar bilan ishlash, xalqaro madaniy muloqotda ishtirok etish, ekologik mavzularni xorijiy til orqali tahlil qilish va interkultural kompetensiyalarni rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Tadbir doirasida talabalar Toshkent Fransuz Alyansining madaniy tadbirlar bo‘yicha mas’uli Alisa Klaer bilan yaqindan tanishdilar. U bilan o‘tkazilgan suhbat jarayonida 2026-yilning oktyabr–noyabr oylarida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilayotgan o‘zbek filmlari festivali haqida batafsil ma’lumotlar olindi hamda talabalar ushbu festivalga tayyorgarlik jarayonlariga qiziqish bildirdilar. Bu esa talabalarning kelgusida xalqaro madaniy loyihalarda faol ishtirok etish salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, talabalar Belgiyaning faxriy konsuli J-Claude Beaujean bilan ham muloqot olib bordilar. Suhbat davomida barqaror rivojlanish maqsadlari (SDG) doirasida yoshlarning roli, ekologik mas’uliyat hamda ta’lim va madaniyat orqali barqarorlikni ta’minlash masalalari muhokama qilindi. Talabalar tomonidan fransuz tilidagi to‘garak faoliyati ham tanishtirilib, uning maqsad va vazifalari haqida ma’lumot berildi.
Mazkur tadbir quyidagi barqaror rivojlanish maqsadlariga xizmat qiladi:
SDG 4 – Sifatli ta’lim: talabalar uchun noformal ta’lim muhitida bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirish;
SDG 6 – Toza suv va sanitariya: suv resurslarini asrashga oid ekologik ongni shakllantirish;
SDG 13 – Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash: ekologik muammolarni san’at orqali yoritish va targ‘ib qilish;
SDG 17 – Hamkorlik orqali rivojlanish: xalqaro tashkilotlar va madaniy institutlar bilan hamkorlikni mustahkamlash.
Ushbu tadbir talabalar uchun nafaqat madaniy hordiq, balki muhim ta’limiy va tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘ldi. Xalqaro hamkorlik, ekologik muammolarni anglash va xorijiy til amaliyotini uyg‘unlashtirgan mazkur ishtirok fransuz tili to‘garagi faoliyatining samaradorligini yana bir bor namoyon etdi. Talabalarning faol ishtiroki ularning global fikrlash, madaniyatlararo muloqot va barqaror rivojlanish g‘oyalariga sodiqligini ko‘rsatdi.




