
O‘zbekiston va Yaponiya rektorlarining V forumida JIDU xalqaro hamkorligini kengaytirmoqda
O‘zbekiston va Yaponiya rektorlarining V forumida JIDU xalqaro hamkorligini kengaytirmoqda

30-31-oktabr kunlari Samarqand shahrida “Bilim va jamiyat uyg‘unligi: inson salohiyatini rivojlantirish va innovatsiyalarga fanlararo yondashuvlar” mavzusida O‘zbekiston va Yaponiya oliy ta’lim muassasalari rektorlarining beshinchi forumi o‘tkazildi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Yaponiya Ta’lim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar vazirligi hamkorligida tashkil etildi. Forumda har ikki vazirlik vakillari, Yaponiyaning 15 dan ortiq yetakchi universitetlari va O‘zbekistonning 30 ga yaqin oliy o‘quv yurtlari namoyondalari ishtirok etdilar.
Uchrashuvning asosiy maqsadi ikki mamlakat o‘rtasida ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasidagi strategik hamkorlikni mustahkamlash, qo‘shma ilmiy tadqiqot tashabbuslarini rivojlantirish va akademik almashinuvlarni kengaytirishdan iborat edi.
Ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari va JIDU rektori Sodiq Safoyev, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Yaponiya ta’lim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar vazirligi o‘rinbosari Xiroshi Masuko, Yaponiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Kendzi Xirata hamda Nagoya universiteti prezidenti Naoshi Sugiyama nutq so‘zladi.
Forum davomida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining birinchi prorektori A. Umarov universitetning faoliyati va xalqaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi.
Forum doirasida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Nagoya iqtisodiyot universiteti (NUE) bilan qo‘shma diplom dasturi bo‘yicha shartnoma imzoladi. Mazkur dastur JIDU Xalqaro iqtisodiyot fakultetida amalga oshirilayotgan “Xalqaro iqtisodiyot va sun’iy intellekt” yo‘nalishi bo‘yicha bakalavriat talabalarining ta’lim olishini ko‘zda tutadi. Talabalar ham JIDU, ham Nagoya iqtisodiyot universitetida tahsil olib, zamonaviy texnologiyalar, iqtisodiy modellar va barqaror rivojlanish amaliyotlarini o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Shuningdek, 2026-yildan boshlab Xalqaro davlat siyosati (IPP) bo‘yicha qo‘shma magistratura dasturini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida Tsukuba universiteti bilan o‘zaro Anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu yangi loyiha kelajakdagi diplomatlar va davlat siyosati sohasidagi mutaxassislarga Yaponiya tahliliy yondashuvi hamda O‘zbekiston davlat boshqaruvi amaliyotini uyg‘unlashtiradigan noyob ta’lim olish imkoniyatini taqdim etadi.
Bundan tashqari, universitet vakillari Yaponiyaning bir qator yangi hamkor oliy o‘quv yurtlari - Sofiya universiteti, Tokio universiteti va Kioto chet tillari universiteti bilan muzokaralar olib borib, kelishuvlar imzolash va hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.
| Sana: | 04.11.2025 | 
| Ko'rganlar soni: | 53 | 
| Ulashish: | 




