
Samarqandga ma’naviy-ma’rifiy sayohat: Yoshlar o‘tmish va kelajak ko‘prigida
Samarqandga ma’naviy-ma’rifiy sayohat: Yoshlar o‘tmish va kelajak ko‘prigida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-3514-sonli qarori ijrosini ta’minlash hamda mamlakatimizda ichki turizmni rivojlantirish maqsadida, JIDU Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti tashabbusi bilan talabalar uchun qadimiy va betakror Samarqand shahriga bir kunlik sayohat va ziyorat tashkil etildi.
Ushbu safarning tamal toshi va ilk manzili buyuk muhaddis bobomiz, barcha musulmon olami faxri hisoblangan Imom al-Buxoriy yodgorlik majmuasi bo‘ldi. Talabalar dastlab ushbu muqaddas qadamjoni ziyorat qilib, "Sultoni muhaddisin"ning hayoti va bizga qoldirgan beqiyos ilmiy merosi bilan yaqindan tanishdilar. Ma’naviyat sarchashmasidan boshlangan ushbu ziyorat yoshlarga nafaqat diniy-ma’rifiy bilim, balki ruhiy quvvat ham bag‘ishladi.
Safar davomida talabalar yurtimizning boy tarixiy merosi, mahobatli me’moriy obidalari va milliy qadriyatlari bilan tanishishni davom ettirdilar. Registon maydonining moviy gumbazlari, Go‘ri Amir maqbarasining salobati hamda Bibixonim masjidining nodir koshinlari har bir ishtirokchida cheksiz g‘urur hissini uyg‘otdi. Shuningdek, Shohi Zinda majmuasi va Ulug‘bek rasadxonasi bo‘ylab uyushtirilgan ekskursiyalar talabalarga ajdodlarimiz nafaqat madaniyat, balki ilm-fanda ham jahon tamadduniga ulkan hissa qo‘shganini yana bir bor his qildirdi.
Mazmunan boy va jozibador tarzda o‘tgan ushbu sayohat talabalar o‘rtasida do‘stlik rishtalarini mustahkamlab, ularning vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada jo‘sh urishiga xizmat qildi. Bir kunlik safar davomida yoshlar nafaqat tarixiy shaharning go‘zalligidan bahramand bo‘lishdi, balki o‘zlarining intellektual va ma’naviy dunyoqarashlarini ham sezilarli darajada boyitib qaytdilar.




