
“Jadid bobolarimiz” mavzusida ma’rifat darsi bo‘lib o‘tdi
“Jadid bobolarimiz” mavzusida ma’rifat darsi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 15-dekabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Xalqaro munosabatlar fakulteti talabalari uchun “Kelajak soati” loyihasi doirasida “Jadidchilik harakatining paydo bo‘lishi” mavzusiga bag‘ishlangan ma’ruza bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir yoshlarning tarixiy bilimlarini boyitish, milliy tafakkur va zamonaviy dunyoqarashni shakllantirishga qaratilgan muhim ma’rifiy uchrashuvlardan biri bo‘ldi.
Ma’ruzani siyosiy fanlari doktori professorlar Sultanova E’tibor Siddikovna va Djurayev Qodir Asadovichlar olib borishdi. Ma’ruza davomida XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Turkiston o‘lkasida jadidchilik harakatining vujudga kelishiga sabab bo‘lgan ijtimoiy-siyosiy va madaniy omillar atroflicha tahlil qilindi. Xususan, o‘sha davrdagi ta’lim tizimining qoloqligi, mustamlakachilik siyosatining kuchayishi, xalqning savodxonlik darajasini oshirish zarurati jadidchilik g‘oyalarining shakllanishida muhim rol o‘ynagani ta’kidlandi. Shuningdek, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Munavvarqori Abdurashidxonov kabi jadid namoyandalarining faoliyati, ularning yangi usul maktablarini tashkil etish, matbuot va adabiyot orqali jamiyatni uyg‘otish yo‘lidagi xizmatlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Tadbir davomida jadidchilik harakatining ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy-ma’rifiy ahamiyati, uning milliy uyg‘onish jarayonidagi o‘rni alohida e’tirof etildi. Jadidlarning ilm-fan, ta’lim, madaniyat va milliy o‘zlikni anglash borasidagi qarashlari bugungi kun yoshlari uchun ham dolzarb ekanligi ta’kidlandi. Mazkur ma’ruza talabalar uchun tarixiy tafakkurni kengaytirish, milliy o‘zlikni anglash va ma’rifatparvarlik g‘oyalarini chuqurroq o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etib, ularda mustaqil fikrlash va Vatanga sadoqat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
| Sana: | 15.12.2025 |
| Ko'rganlar soni: | 648 |
| Ulashish: |




