
JIDUda atoqli adiblar xotirasiga bag‘ishlangan adabiy-badiiy kecha o‘tkazildi
JIDUda atoqli adiblar xotirasiga bag‘ishlangan adabiy-badiiy kecha o‘tkazildi

2026-yil 16-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida atoqli o‘zbek shoira Saida Zunnunova tavalludining 100 yilligi hamda O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 85 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-badiiy kecha yuqori saviyada tashkil etildi.
Mazkur tadbir o‘zbek adabiyotining ikki yirik namoyandasi ijodiy merosini keng targ‘ib etish, ularning asarlarida aks etgan yuksak insoniy fazilatlar, Vatanga muhabbat, sadoqat, insonparvarlik hamda ma’naviy poklik g‘oyalarini yoshlar ongiga singdirish maqsadida o‘tkazildi.
Tadbirda universitet professor-o‘qituvchilari, talabalar, adabiyot ixlosmandlari va ziyolilar faol ishtirok etdi. Kecha davomida adiblar ijodidan sara namunalar o‘qildi, ularning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Ayniqsa, she’riy kompozitsiyalar talabalarning yuksak ijro mahorati bilan taqdim etilib, tomoshabinlarda chuqur taassurot qoldirdi.
Adabiy kecha doirasida tashkil etilgan ijodiy uchrashuv va suhbatlarda adiblar merosining bugungi kundagi ahamiyati, ularning milliy adabiyotimiz rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi alohida ta’kidlandi. So‘zga chiqqanlar Abdulla Oripov she’riyatining falsafiy teranligi hamda Saida Zunnunova ijodining samimiyligi va hayotiyligi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Tadbirda faxriy mehmonlar sifatida Ruxsora Oripova - Abdulla Oripovning qizi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi hamda Mavluda Zoxidova - “Sog‘lom avlod uchun” ordeni sohibi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira ishtirok etib, o‘z xotiralari va samimiy tilaklari bilan o‘rtoqlashdilar. Tadbir yakunida bunday ma’rifiy uchrashuvlarni muntazam ravishda tashkil etish muhimligi alohida qayd etildi.




