
«Sun’iy intellekt va xalqaro huquq» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi
«Sun’iy intellekt va xalqaro huquq» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi

2025-yil 3-dekabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida «Sun’iy intellekt va xalqaro huquq» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi PF-158-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston — 2030” Strategiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF-60-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 83-sonli “2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirishni jadallashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” Qarorining asosiy yo‘nalishlarini amalga oshirish maqsadida tashkil etildi.
Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Strategik tahlil va prognozlash oliy maktabi, Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti, O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Toshkent shahridagi Inxa universiteti va Toshkent davlat yuridik universiteti kabi davlat va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Konferensiyada shuningdek, Italiya, Moʻgʻuliston, Rossiya Federatsiyasi, Hindiston, Qozog‘iston davlatlari sunʼiy intellekt mutaxassislari hamda turli nodavlat tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda sun'iy intellektni xalqaro-huquqiy tartibga solish, shaxsiy ma'lumotlarni himoya qilishning zamonaviy tendentsiyalari, sud amaliyotid sun'iy intellektdan foydalanish, “sun'iy intellekt” tushunchasini aniqlashga ilmiy yondashuvlar va sun'I intellekt tizimlarini yaratish va ulardan foydalanish sohasidagi munosabatlarni xalqaro-huquqiy tartibga solishga kontseptual yondashuvlar bilan bog'liq masalalar muhokama qilindi. Mutaxassislar O‘zbekiston Respublikasining texnologik rivojlanishini kuchaytirishi mumkin bo'lgan huquqiy yechimlarni taklif qilishdi.
Tadbir yakunida xalqaro amaliyot va zamonaviy tendensiyalarni hisobga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasining sun’iy intellektni tartibga solish sohasidagi qonunchiligini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy va amaliy tavsiyalar ishlab chiqish hamda konferensiya natijalari asosida ilmiy to‘plam nashr etish rejalashtirilgan.



