
“Temuriylar davri renessansi” ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi
“Temuriylar davri renessansi” ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi

2026-yil 7-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan “Temuriylar davri renessansi” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Mazkur tadbirda universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, ilmiy xodimlar hamda talaba-yoshlar keng ishtirok etdi. Tadbirning asosiy maqsadi — Amir Temur va Temuriylar davrining boy tarixiy merosini chuqur o‘rganish, uning jahon sivilizatsiyasidagi o‘rnini keng targ‘ib etish, shuningdek, yoshlar ongida milliy o‘zlikni anglash, vatanparvarlik va tarixiy xotiraga hurmat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Tadbirni universitetning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori O. Yusupdjanov ochib berdi. O‘z nutqida u Amir Temur shaxsining nafaqat Markaziy Osiyo, balki jahon tarixidagi beqiyos o‘rni, uning davlat boshqaruvi, adolat va tartib-intizomga asoslangan siyosati bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini saqlab qolayotganini alohida ta’kidladi. Shuningdek, yoshlarni tarixiy merosni chuqur o‘rganishga, undan to‘g‘ri xulosalar chiqarishga chaqirdi.
Tadbir davomida ilmiy-amaliy yo‘nalishdagi ma’ruzalar tinglandi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti professori S. G‘ulomov “Amir Temurning jahon sivilizatsiyasida tutgan o‘rni” mavzusida ma’ruza qilib, Sohibqiron tomonidan barpo etilgan markazlashgan davlat, rivojlangan savdo yo‘llari, ilm-fan va madaniyatga berilgan e’tiborning global taraqqiyotdagi ahamiyatini tahliliy yoritib berdi.
Shuningdek, universitetning “Siyosatshunoslik” kafedrasi professori Q. Jo‘rayev “Amir Temur qarashlari va faoliyatida adolat tamoyillari” mavzusida so‘z yuritib, davlat boshqaruvida qonun ustuvorligi, ijtimoiy adolat va mas’uliyat tamoyillarining muhimligini tarixiy misollar asosida ochib berdi.
Tadbir doirasida iqtidorli talaba-yoshlar tomonidan erishilgan yutuqlar ham e’tirof etilib, turli tanlov va loyihalar g‘oliblari tantanali ravishda taqdirlandi. Bu esa yoshlarni ilmiy va ijodiy faoliyatga yanada rag‘batlantirishga xizmat qildi.
Badiiy qismda talabalar tomonidan “Sohibqironim” nomli she’riy kompozitsiya ijro etildi. Shuningdek, Amir Temur hamda To‘xtamishxon o‘rtasidagi tarixiy voqealar asosida sahnalashtirilgan teatrlashtirilgan chiqish namoyish etildi. Mazkur sahna ko‘rinishi orqali tarixiy voqealar jonli tasvirda yoritilib, tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
Mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbir yoshlar ongida milliy tarix va boy madaniy merosga hurmat tuyg‘usini mustahkamlash, Amir Temur merosini keng targ‘ib etish, shuningdek, yurtimizda amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy islohotlar samaradorligini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
| Sana: | 07.04.2026 |
| Ko'rganlar soni: | 213 |
| Ulashish: |




