
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Metodologik kengashi doirasida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Metodologik kengashi doirasida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi

2026-yil 2- aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Metodologik kengashi doirasida “O‘zbekistonning tashqi siyosiy strategiyasida “yumshoq kuch” omili: asosiy vositalar, ustuvor yo‘nalishlar va istiqbollar” mavzusiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi.
Ilmiy-amaliy seminarda JIDU rahbariyati va professor-o‘qituvchilari, Akademik Kengashi a’zolari hamda Istiqbolli xalqaro tadqiqotlar instituti ekspertlari qatnashdilar.
Metodologik kengash yig‘ilishining asosiy qismida JIDU professori, siyosiy fanlar doktori, Favqulodda va Muxtor Elchi (O‘zbekistonning Buyuk Britaniya, Benilyuks mamlakatlari, Yevropa Ittifoqi va NATOdagi sobiq elchisi) Fayzullayev Alisher Omonullayevich so‘zga chiqdi.
Ma’ruza va taqdimotda “yumshoq kuch”ning an’anaviy talqinidagi afzalliklari va cheklovlari ko‘rib chiqildi; mamlakatlarning strategik ta’siri zamirida AQSh, Fransiya, Koreya Respublikasi va Yaponiyaning milliy modellari qiyosiy nuqtai nazardan taqdim etildi; “yumshoq kuch” amaliyotiga muqobil yondashuvlar va uni amalga oshirishning mumkin bo‘lgan rejimlari/usullariga alohida e’tibor qaratildi; “yumshoq kuch”ning “funksional” vositalarining samaradorligi Singapur, Qatar, Shveytsariya, Turkiya va Qozog‘iston misollari yordamida namoyish etildi. Qisqa, o‘rta va uzoq muddatli istiqboldagi O`zbekiston Respublikasining tashqi siyosiy strategiyasida “yumshoq kuch”ning salohiyati amaliy jihatdan batafsil tahlil qilindi.
Seminarning yakuniy qismida tinglovchilar “yumshoq kuch”ning madaniy manbalari ahamiyati; zamonaviy texnologiyalardan foydalanishda “yumshoq kuch”ning samaradorligi; “ommaviy diplomatiya” va “yumshoq kuch”atamalari o‘rtasidagi uyg‘unlik masalasi; O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi zamirida “yumshoq kuch” mexanizmlarini moslashtirish istiqbollari; O‘zbekistonning “vositachilik”/mediativ salohiyati va boshqa ko‘plab masalalar bo‘yicha tegishli savollar va mulohazalar bilan murojaat etdilar.
| Sana: | 03.04.2026 |
| Ko'rganlar soni: | 37 |
| Ulashish: |




