
JIDUda “Yoshlar tashabbuslari va innovatsiyalar klubi” faoliyati yuzasidan taqdimot o‘tkazildi
JIDUda “Yoshlar tashabbuslari va innovatsiyalar klubi” faoliyati yuzasidan taqdimot o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan yoshlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda ilgari surilgan hayotiy tashabbuslar doirasida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida talabalar tashabbusi bilan tashkil etilgan “Yoshlar tashabbuslari va innovatsiyalar klubi” faoliyati yuzasidan keng qamrovli taqdimot bo‘lib o‘tdi. Mazkur klub tegishli vakolatli tashkilotlar bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonun hamda sohadagi normativ-huquqiy hujjatlar asosida amalga oshiradi.
Taqdimot davomida klubning alohida tuzilma sifatida tijorat maqsadlarini ko‘zlamasligi, uning butun faoliyati jamiyat taraqqiyotini jadallashtirish va davlat yoshlar siyosatini kuchaytirishga yo‘naltirilishi alohida ta’kidlandi. Klub ish jarayonida qonuniylik, ochiqlik, tenglik, ixtiyoriylik va tashabbuskorlik tamoyillariga tayanadi, bu esa tizimning shaffof hamda adolatli ishlashini ta’minlaydi.
Klubning ustuvor maqsadlari sifatida yoshlarning intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularning ijtimoiy-siyosiy va innovatsion faolligini oshirish hamda davlat dasturlari ijrosida faol ishtirok etishiga ko‘maklashish belgilangan. Shuningdek, mazkur platforma talaba-yoshlar o‘rtasida fuqarolik pozitsiyasi, huquqiy madaniyat va vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga, ularni davlat hamda jamiyat boshqaruvi jarayonlariga jalb etish orqali samarali muloqot muhitini yaratishga xizmat qiladi.
Tadbir yakunida hamkor tashkilotlar bilan birgalikda yoshlarning ilmiy-ijodiy tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, startap loyihalarini ishlab chiqish va ularni hayotga tatbiq etish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilindi. Ishtirokchilar o‘rtasida o‘tgan ochiq muloqotda talabalar o‘z innovatsion g‘oyalari bilan o‘rtoqlashib, kelgusidagi rejalar yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar.




