
JIDU talabalari “Charity Workshop” tadbirida ishtirok etishdi
JIDU talabalari “Charity Workshop” tadbirida ishtirok etishdi

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) “Xalqaro munosabatlar” fakultetining 2-bosqich talabalari “Barqaror rivojlanish maqsadlari” fani doirasida Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan “Imkoniyati cheklangan bolalar” uchun maxsus kasb-hunar kolledjida “Mahorat darslari” kunini tashkillashtirdilar.
Tadbir davomida talabalar imkoniyati cheklangan bolalar bilan yaqindan tanishib, ular egallayotgan maxsus yo‘nalishlar bo‘yicha mashg‘ulotlar olib bordilar. Ushbu darslar orqali bolalar hayotda o‘z o‘rinlarini egallashga bo‘lgan qiziqish va ishtiyoqni oshirdilar. Bir necha bosqichli mashg‘ulotlar bolalarda o‘zlarining imkoniyatlari cheklanganligini bir oz bo‘lsa-da unutishga va hayotga bo‘lgan zavq hamda ishonchni oshirishga yordam berdi.
Mazkur “Mahorat darslari” orqali talabalar “Barqaror rivojlanish maqsadlari” jamiyatni do‘stona madaniyat bilan boyitish, hech kim ortda qolmasligini ta’minlash, shuningdek, har kuni ezgu amal va ezgu niyat bilan yashash hayotimizni mazmunli qilishning eng muhim vositasi ekanligini yaqindan his etdilar.
Darslar yakunida mashg‘ulotlarda faol qatnashgan o‘quvchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi. Kolledj ma’muriyati va o‘quvchilar tashrif buyurgan talabalarga o‘z minnatdorchiliklarini bildirdilar.




