
JIDUda raqamli huquq va sudlarda shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilishga bag‘ishlangan mahorat darsi o‘tkazildi
JIDUda raqamli huquq va sudlarda shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilishga bag‘ishlangan mahorat darsi o‘tkazildi

2026-yil 21-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Xalqaro huquq fakultetining 3-bosqich talabalari uchun raqamli huquq hamda sud jarayonlarida shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish mavzusida mahorat darsi tashkil etildi. Mazkur amaliy mashg‘ulot “Rubicon Wireless Communication” MChJ (Perfectum Mobile) yuristi Sabriya Soliyeva tomonidan olib borildi.
Mahorat darsi davomida sud amaliyotida shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilishning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Xususan, shaxsiy ma’lumotlarni huquqiy tartibga solish, sud jarayonlarida axborot maxfiyligini ta’minlash, raqamli muhitda shaxsiy hayot daxlsizligini himoya qilish hamda zamonaviy axborot texnologiyalari sharoitida fuqarolarning huquqlarini himoya qilish mexanizmlariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir Fuqarolik huquqi va xalqaro xususiy huquq fanlari kafedrasi o‘qituvchisi Solixa Abduraximova tashabbusi va tashkilotchiligida o‘tkazildi. Talabalar raqamli huquq sohasidagi amaliy muammolar, sud amaliyotida uchrayotgan zamonaviy chaqiriqlar hamda shaxsiy ma’lumotlardan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq holatlar yuzasidan batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Shuningdek, mahorat darsida raqamli muhitda huquqlar buzilgan holatlarda qanday choralar ko‘rish zarurligi, jumladan, dalillarni to‘plash, onlayn platformalar va vakolatli organlarga murojaat qilish tartibi hamda huquqiy himoya mexanizmlaridan samarali foydalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Talabalar tomonidan mavzu yuzasidan berilgan savollarga mutaxassis tomonidan batafsil javoblar qaytarildi.
Mazkur tadbir Birlashgan Millatlar Tashkilotining 16-Barqaror rivojlanish maqsadi — “Tinchlik, adolat va kuchli institutlar”, xususan, 16.3-bandda belgilangan qonun ustuvorligini ta’minlash va barcha uchun odil sudlovga erishishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan vazifalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar bunday ilmiy-amaliy uchrashuvlar talabalarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, ularning raqamli huquq sohasidagi zamonaviy tendensiyalar bo‘yicha bilimlarini kengaytirish hamda amaliy tajriba orttirishida muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladilar.




