JIDUda pudrat shartnomasining nazariy va amaliy masalalari muhokama qilindi

JIDUda pudrat shartnomasining nazariy va amaliy masalalari muhokama qilindi

    JIDUda pudrat shartnomasining nazariy va amaliy masalalari muhokama qilindi

    JIDUda pudrat shartnomasining nazariy va amaliy masalalari muhokama qilindi

    Joriy yilning 10-mart kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida huquqshunoslikning eng dolzarb yo‘nalishlaridan biri – “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik huquqida pudrat shartnomasining ahamiyati va amaliyotdagi o‘rni” mavzusiga bag‘ishlangan mahorat darsi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir talabalarning nazariy bilimlarini real huquqiy keyslar bilan boyitish, sohadagi zamonaviy tendensiyalarni tahlil qilish maqsadida “Fuqarolik huquqi va xalqaro xususiy huquq fanlari” kafedrasi mudiri Sh.Masadikov va kafedra professori N.Raimova tomonidan tashkil etildi.

    Mahorat darsida soha mutaxassislari – “Lawpower” yuridik firmasi korporativ yuristi Munira Ismoilova hamda JIDU “Xalqaro biznes huquqi” yo‘nalishi magistranti Zamira Allambergenova o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi. Tadbirda “Fuqarolik huquqi va xalqaro xususiy huquq fanlari” kafedrasi professor-o‘qituvchilari bilan bir qatorda, “Xalqaro huquq” fakultetining 2-kurs talabalari faol qatnashib, sohadagi nozik huquqiy jihatlar yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar.

    Mashg‘ulot davomida O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi prizmasi orqali pudrat shartnomasining tushunchasi, uning tuzilishidagi o‘ziga xos protseduralar hamda taraflarning o‘zaro huquq va majburiyatlari atroflicha tahlil qilindi. Ma’ruzachilar tomonidan aynan qurilish va xizmat ko‘rsatish sohalarida shartnomalarni rasmiylashtirishda yo‘l qo‘yiladigan tipik amaliy xatolar hamda ish natijasini qabul qilishda yuzaga keladigan yashirin nuqsonlar uchun javobgarlik masalalari hayotiy misollar yordamida yoritib berildi.

    Shuningdek, uchrashuvda milliy qonunchiligimizda pudrat munosabatlaridan kelib chiqadigan nizolarni hal etishning samarali huquqiy mexanizmlari muhokama markazida bo‘ldi. Ushbu ilmiy-amaliy muloqot Barqaror rivojlanishning 9-maqsadi – “Sanoatlashtirish, innovatsiyalar va infratuzilma” hamda 16-maqsadi – “Tinchlik, adolat va samarali institutlar” g‘oyalari bilan hamohangligi bilan ajralib turadi. Infratuzilma loyihalarining huquqiy mustahkamligi mamlakatimizda barqaror qurilish va sifatli sanoatlashtirishning bosh garovi ekanligi alohida ta’kidlandi.

    Tadbir yakunida BRMning 16.3-bandi – “Qonun ustuvorligini ta’minlash va odil sudlov imkoniyatlarini kengaytirish” tamoyillari fuqarolik huquqidagi shartnomalar erkinligi va taraflar tengligi bilan qanchalik uzviy bog‘liqligi xususida xulosalar qilindi. Bu kabi mahorat darslari bo‘lajak mutaxassislarda huquqiy ongni yuksaltirishga hamda nazariya va amaliyotning mustahkam integratsiyasini ta’minlashga xizmat qilishi shubhasizdir.