
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Glazgo universiteti bilan strategik hamkorlikni kengaytirmoqda
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Glazgo universiteti bilan strategik hamkorlikni kengaytirmoqda

2026-yil 2-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev ikki universitet o‘rtasidagi akademik hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Glazgo universitetiga (Buyuk Britaniya) rasmiy tashrif buyurdi.
Tashrif davomida S. Safoyev Glazgo universiteti rahbariyati va akademik hamjamiyati vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Jumladan, universitet vitse kansler o‘rinbosari professor Reychel Sendison, Huquq maktabi rahbari professor Kler MakDiarmind hamda universitet professorlari va akademik bo‘linmalar vakillari bilan muzokaralar olib borildi.
Bugungi kunga qadar Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Glazgo universiteti bir qator qo‘shma ta’lim va akademik tashabbuslarni muvaffaqiyatli amalga oshirib kelmoqda. Hamkorlik Executive Education (rahbarlar uchun ta’lim) dasturlari, xalqaro huquq va xalqaro munosabatlar yo‘nalishlari, shuningdek Glazgo universitetining Huquq maktabi hamda Ijtimoiy va siyosiy fanlar maktabi o‘rtasidagi hamkorlikni qamrab oladi.
Tashrif doirasida universitetlar o‘rtasidagi akademik hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan ikkita muhim hujjat imzolandi.
Birinchi hujjat qo‘shma ikki diplomli dastur bo‘yicha memorandum bo‘lib, u huquqiy tadqiqotlar yo‘nalishida qo‘shma magistratura dasturini tashkil etishni nazarda tutadi. Ushbu dastur doirasida JIDU magistrantlari belgilangan akademik talablarni bajargan holda Glazgo universitetining Huquq maktabida tahsil olish hamda Buyuk Britaniyaning yetakchi yuridik oliy ta’lim muassasalaridan birining diplomini qo‘lga kiritish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Ikkinchi muhim hujjat Erasmus Mundus Joint Masters dasturining “Markaziy va Sharqiy Yevropa, Rossiya va Yevroosiyo tadqiqotlari” (CEERES) xalqaro konsorsiumiga JIDUning qo‘shilishi to‘g‘risidagi kelishuv bo‘ldi. Mazkur nufuzli ikki yillik dastur Yevrosiyo mintaqasidagi siyosiy, iqtisodiy va huquqiy jarayonlarni kompleks o‘rganishga qaratilgan. Konsorsiumdagi ishtirok akademik mobillikni kengaytirish, shuningdek xalqaro ilmiy hamkorlik va qo‘shma tadqiqot loyihalarini amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Tashrif doirasida JIDU rektori S. Safoyev Glazgo universitetida va Shotlandiyaning boshqa akademik muassasalarida tahsil olayotgan hamda ilmiy faoliyat olib borayotgan o‘zbekistonlik talabalar va tadqiqotchilar bilan ham uchrashdi.
Uchrashuvda matematika, biokimyo, genetika, xalqaro munosabatlar, pedagogika va huquqshunoslik kabi turli sohalarda tahsil olayotgan doktorantlar (PhD), tadqiqotchilar va talabalar ishtirok etdilar. Talabalar o‘zlarining akademik yutuqlari, so‘nggi ilmiy tadqiqotlari natijalari hamda xalqaro akademik muhitda o‘qish va ilmiy faoliyat olib borish tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Muhokama jarayonida talabalar o‘z mamlakatining madaniy elchilari sifatidagi o‘rni alohida ta’kidlandi. Ular xalqaro akademik muhitda O‘zbekistonning boy an’analari va madaniy merosini targ‘ib etishga intilayotganliklarini, shuningdek xorijda orttirgan bilim va tajribalarini kelajakda mamlakat taraqqiyoti yo‘lida qo‘llashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
S. Safoyev o‘z nutqida xorijda ta’lim olayotgan O‘zbekiston fuqarolariga davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni alohida qayd etdi. U yosh olimlarning yutuqlarini yuqori baholab, ularga kelgusi ilmiy va kasbiy faoliyatlarida muvaffaqiyatlar tiladi hamda ularning bilim va salohiyati mamlakatning intellektual rivojiga muhim hissa qo‘shishini ta’kidladi.
Tomonlar imzolangan kelishuvlar ikki universitet o‘rtasidagi uzoq muddatli strategik hamkorlikni yanada mustahkamlashiga, akademik almashinuvni rivojlantirishga hamda ilmiy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.
Glazgo universiteti haqida
1451-yilda tashkil etilgan Glazgo universiteti ingliz tilida ta’lim beruvchi dunyodagi to‘rtinchi eng qadimiy universitet hisoblanadi. U Buyuk Britaniyaning yetakchi tadqiqot universitetlarini birlashtiruvchi nufuzli Russell Group tarkibiga kiradi hamda muntazam ravishda dunyoning eng yaxshi 100 ta universiteti qatoridan joy oladi. Universitet ko‘p asrlik tarix davomida ilmiy innovatsiyalar markazi sifatida tanilgan bo‘lib, uning bitiruvchilari va professorlari orasida Nobel mukofoti sovrindorlari, taniqli olimlar hamda davlat arboblari bor.




