
JIDU va “KAFIL-SUG‘URTA” AJ o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi hamda trening-sessiya o‘tkazildi
JIDU va “KAFIL-SUG‘URTA” AJ o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi hamda trening-sessiya o‘tkazildi

2026-yil 27-fevral kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “KAFIL-SUG‘URTA” AJ Boshqaruv raisi o‘rinbosari hamda HR direktori Umid Muxammadyusupovich Janturaev ishtirokida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir doirasida JIDU va “KAFIL-SUG‘URTA” AJ o‘rtasida Hamkorlik Memorandumi imzolandi. Memorandum zamonaviy bozor talablariga mos yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash yo‘nalishida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, xususan, talabalar amaliyoti va stajirovkalarini tashkil etish, qo‘shma ilmiy-innovatsion (jumladan grant asosidagi) loyihalarni amalga oshirish, o‘qituvchi-murabbiylar va mutaxassislar almashinuvi, startap va innovatsion tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, moddiy-texnik baza va infratuzilmadan birgalikda foydalanish kabi yo‘nalishlarni nazarda tutadi.
Memorandum imzolanganidan so‘ng mehmon tomonidan “Muvaffaqiyatga erishish omillari” mavzusida trening-sessiya o‘tkazildi. Unda talabalar karyera rivoji, iste’dodlarni aniqlash va rivojlantirish, zamonaviy HR boshqaruvi, intizom va kasbiy etika masalalari bo‘yicha amaliy tavsiyalar oldilar.
Shuningdek, an’anaviy “KAFIL-SUG‘URTA GRANT” dasturining yo‘lga qo‘yilishi haqida ma’lumot berildi. Ushbu grant iqtisodiyot va IT yo‘nalishlaridagi talabalarga nazariy bilimlarni amaliy tajriba bilan uyg‘unlashtirish imkonini yaratadi.
Mazkur hamkorlik JIDUda ta’limning amaliy yo‘nalganligini kuchaytirish hamda universitet va biznes sektori o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashda muhim qadamlardan biri hisoblanadi.



