
JIDU talabalari Bangladesh Xalq Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasiga tashrif buyurdi
JIDU talabalari Bangladesh Xalq Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasiga tashrif buyurdi

2026-yil 21-fevral kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Xalqaro munosabatlar fakulteti talabalari Bangladesh Xalq Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasiga tashrif buyurib, Xalqaro ona tili kuni munosabati bilan tashkil etilgan davra suhbatida ishtirok etishdi.
Xalqaro ona tili kuni UNESCO tomonidan 1999-yilda e’lon qilingan bo‘lib, 2000-yildan buyon dunyo miqyosida nishonlanib kelinadi. Keyinchalik ushbu sana BMT Bosh Assambleyasi tomonidan ham qo‘llab-quvvatlangan. Mazkur kun tillarning inklyuzivligi hamda barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishdagi ahamiyatini ta’minlaydi. 2026-yil mavzusi - “Ko‘p tilli ta’limda yoshlar ovozi” - globallashuv va migratsiya jarayonlari kuchayib borayotgan sharoitda yoshlarning ko‘p tillilik masalalaridagi faol ishtirokini ilgari suradi.
Uchrashuv til xilma-xilligi, madaniy o‘zlik va tilning xalqaro munosabatlardagi o‘rni mavzusidagi ochiq muloqot shaklida boshlandi. Talabalar Bangladeshning Toshkentdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi, Dr. Mohammad Monirul Islam Janobi Oliylari bilan bevosita muloqot qilish imkoniga ega bo‘ldilar. Elchi Janoblari madaniy diplomatiya, ko‘p tillilik siyosati hamda Bangladesh va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Mazkur tadbir talabalarga diplomatik muloqotning amaliy jihatlari bilan yaqindan tanishish, shuningdek, tilning xalqaro hamkorlik va madaniyatlararo aloqalardagi muhim vosita sifatidagi rolini chuqurroq anglash imkonini berdi.




