
“Qadriyatlar va zamonaviylik: milliy ruhiyat qizlar nigohida” mavzusida ochiq davra suhbati o‘tkazildi
“Qadriyatlar va zamonaviylik: milliy ruhiyat qizlar nigohida” mavzusida ochiq davra suhbati o‘tkazildi

2026-yil 10-fevral kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Qizlar gapirsin — dildan suhbat” mavzusi oyligi doirasida “Qadriyatlar va zamonaviylik: milliy ruhiyat qizlar nigohida” mavzusida ijtimoiy-psixologik ochiq davra suhbati tashkil etildi.
Tadbir Yoshlar ishlari ofisi hamda universitet psixologi tomonidan tashkil etildi.
Tadbirni JIDU rektori maslahatchisi Turdimatov Amanbay Bazarbayevich ochib berdi. U o‘z nutqida talaba-qizlarning intellektual salohiyati, ma’naviy yetukligi va ijtimoiy faolligini oshirish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi. Shuningdek, milliy qadriyatlar va zamonaviy tafakkur uyg‘unligi yosh avlod tarbiyasida muhim omil ekani qayd etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi Xotin-qizlar bilan ishlash va targ‘ibot guruhlarini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Ahmedova Irodaxon Shoxitbekovna o‘z ma’ruzasida milliy va diniy qadriyatlarning mazmun-mohiyati, ularning yoshlar hayotidagi o‘rni hamda yot g‘oyalarga qarshi ma’naviy immunitetni shakllantirish zarurligi haqida so‘z yuritdi. Talaba-qizlarga axborotni tanqidiy tahlil qilish, sog‘lom dunyoqarashni shakllantirish va o‘zligini anglash muhimligi alohida tushuntirildi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi dosenti, filologiya fanlari nomzodi Shoaliyeva Nargiza Kaxramanovna milliy ruhiyat tushunchasining tarixiy ildizlari, o‘zbek ayolining jamiyatdagi o‘rni hamda zamonaviy jarayonlarda faol ishtiroki haqida ilmiy-amaliy fikrlar bildirdi. U milliylik va zamonaviylikni qarama-qarshi emas, balki bir-birini to‘ldiruvchi tushunchalar sifatida talqin qilish zarurligini ta’kidladi.
JIDU psixologi Norova Nargiza Ma’murovna talaba-qizlarning psixologik barqarorligini mustahkamlash, o‘ziga ishonchni rivojlantirish, stress va ijtimoiy bosimlarga qarshi turish mexanizmlari yuzasidan amaliy tavsiyalar berdi. Shuningdek, sog‘lom muloqot madaniyati, shaxsiy chegaralarni belgilash va vaqtni samarali boshqarish bo‘yicha tavsiyalar taqdim etildi.
Tadbir doirasida ochiq muloqot va savol-javob jarayoni tashkil etildi. Talaba-qizlar zamonaviy kiyinish madaniyati va milliy qadriyatlar uyg‘unligi, ijtimoiy tarmoqlarning ruhiyatga ta’siri, jamiyatdagi stereotiplarning kasbiy rivojlanishga ta’siri, milliy qadriyatlarni saqlagan holda xalqaro maydonda muvaffaqiyat qozonish hamda oila va karyera o‘rtasida muvozanat masalalari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Mutaxassislar tomonidan har bir savolga atroflicha va asosli javoblar berildi.
Mazkur ochiq davra suhbati talaba-qizlar uchun ma’naviy-ma’rifiy va psixologik jihatdan muhim platforma bo‘ldi. Ishtirokchilar tomonidan bunday muloqotlarni muntazam ravishda tashkil etish taklifi bildirildi.




