
JIDUda O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari uchun ikki kunlik o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi
JIDUda O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari uchun ikki kunlik o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi Favqulodda va muxtor elchilari uchun ikki kunlik o‘quv seminari tashkil etildi. Seminar 19-20 yanvar kunlari bo‘lib o‘tdi va diplomatik korpusning kasbiy malakasini oshirish hamda zamonaviy tashqi siyosat, xalqaro munosabatlar va parlament diplomatiyasining dolzarb masalalarini muhokama qilishga qaratilgan edi.
Seminarning birinchi kunida Favqulodda va Muxtor Elchi, siyosiy fanlar doktori, professor Alisher Fayzullayev “Zamonaviy diplomatik muzokaralar” mavzusida ma’ruza o‘qidi. U xalqaro tizim o‘zgarishlari sharoitida diplomatik muzokaralar olib borishning asosiy yondashuvlari va amaliy jihatlarini batafsil yoritib berdi.
So‘ngra iqtisod fanlari doktori, professor Nishanbay Sirojiddinov “O‘zbekiston zamonaviy global va mintaqaviy integratsiya jarayonlarida” mavzusidagi ma’ruzasini taqdim etdi. U o‘z nutqida iqtisodiy diplomatiya va mamlakatning xalqaro integratsiya formatlaridagi ishtirokiga alohida e’tibor qaratdi.
Seminarning ikkinchi kunidagi dastur tashqi siyosatning tahliliy va strategik masalalariga bag‘ishlandi. Siyosatshunoslik kafedrasi dotsenti Rustam Mahmudov “Zamonaviy xalqaro munosabatlarni strategik tahlil qilish metodologiyasi” mavzusida ma’ruza o‘qidi. Unda strategik fikrlash va xalqaro jarayonlarni bashorat qilish usullari batafsil ko‘rib chiqildi.
“El-yurt umidi” jamg‘armasi ijrochi direktori, professor Gulnoza Ismoilova jamg‘armaning xalqaro hamkorlik istiqbollari mavzusini taqdim etib, uning yuqori malakali kadrlar tayyorlash va inson kapitalini rivojlantirishdagi ahamiyatini alohida ta’kidladi.
Dasturda O‘zbekiston Respublikasi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyevning ma’ruzalari muhim o‘rin egalladi. U o‘z nutqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasiga batafsil to‘xtalib o‘tdi, shuningdek, mamlakatimiz tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini atroflicha yoritib berdi. Alohida ma’ruza zamonaviy xalqaro munosabatlarda parlament diplomatiyasining o‘rni va o‘ziga xos xususiyatlariga bag‘ishlandi.
Mazkur seminar o‘tkazilishi professional fikr almashish, diplomatik korpusning tahliliy ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirishda yagona yondashuvlarni ishlab chiqish uchun muhim maydon bo‘ldi.




