
JIDU va O‘zbekiston regbi federatsiyasi o‘rtasida o‘zaro Hamkorlik memorandumi imzolandi
JIDU va O‘zbekiston regbi federatsiyasi o‘rtasida o‘zaro Hamkorlik memorandumi imzolandi

2026-yil 9-yanvar kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida O‘zbekiston regbi federatsiyasining navbatdagi hisobot anjumani bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda Respublika chempionatlari va kuboklarini o‘tkazish, shuningdek, regbi bo‘yicha milliy terma jamoalarning xalqaro musobaqalar va mahalliy o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlaridagi ishtiroki yakunlari bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar hisoboti taqdim etildi.
Bundan tashqari, 2025-yil uchun moliyaviy hisobot hamda 2026-yilga mo‘ljallangan Respublika chempionatlari va kuboklari, shuningdek GIR 2.0 festivallarini o‘tkazish bo‘yicha kalendar tadbirlar rejasi taqdim etildi. Anjuman davomida milliy terma jamoalarning 2026-yilda xalqaro musobaqalar va o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etish rejalari ham muhokama qilindi.
Regbi-7 bo‘yicha Markaziy Osiyo chempionati ligasini tashkil etish va o‘tkazish masalasi muhim mavzuga aylandi.
Tadbir yakunida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda O‘zbekiston regbi federatsiyasi o‘rtasida o‘zaro Hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandumni imzolash marosimi o‘tkazildi.
Hamkorlik memorandumi ommaviy va talabalar sportini rivojlantirish, regbi-7 olimpiya sport turini ommalashtirish, shuningdek, talabalarning jismoniy faollik darajasini oshirish va salomatligini mustahkamlashga qaratilgan. Kelishuv doirasida tomonlar universitet negizida regbi klubini tashkil etish va uning faoliyatini tizimli yo‘lga qo‘yish, sport to‘garaklari, muntazam mashg‘ulotlar, musobaqalar, mahorat darslari hamda yetakchi sportchi va murabbiylar bilan uchrashuvlar o‘tkazishga kelishib oldilar.
Hujjatda, shuningdek, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, zararli odatlarning oldini olish, talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish dasturlari, respublika va xalqaro musobaqalarda, jumladan Universiadada ishtirok etish uchun sport zaxirasini tayyorlash chora-tadbirlari nazarda tutilgan. Ushbu hamkorlik iqtidorli yoshlarni aniqlash, jamoaviy sport turlarini rivojlantirish, ta’lim va sport sohalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.




