
JIDUda Oliy ta’lim muassasalarida psixologik faoliyatni takomillashtirishga bag‘ishlangan seminar-trening o‘tkazildi
JIDUda Oliy ta’lim muassasalarida psixologik faoliyatni takomillashtirishga bag‘ishlangan seminar-trening o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 431-sonli buyrug‘i (3-ilova) ijrosini ta’minlash maqsadida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida oliy ta’lim muassasalari psixologlari uchun “Oliy ta’lim muassasalarida psixologik faoliyatini takomillashtirish: inklyuziv ta’lim, profilaktik diagnostika va korreksiya masalalari” mavzusida seminar-trening tashkil etildi.
Mazkur seminar-trening Oliy ta’lim tizimi kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutining Bosh ilmiy-metodik markazi (BIMM) tomonidan malaka oshirish kurslariga jalb etilgan oliy ta’lim muassasalari psixologlari ishtirokida o‘tkazildi.
Seminar-trening jarayoni universitetning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Yusupdjanov Odil Abdugafurovich rahbarligida olib borildi. Tadbir davomida universitetda talaba-yoshlar bilan ishlashda joriy etilayotgan zamonaviy ish tizimi, uning ahamiyati hamda amaliy natijalari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Seminar-treningning keyingi qismi universitet psixologi N. Norova tomonidan davom ettirilib, unda oliy ta’lim muassasalarida psixologik xizmat faoliyatini samarali tashkil etish, psixoprofilaktik ishlarni kuchaytirish, shuningdek psixologik diagnostika va korreksiya jarayonlarini takomillashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Ishtirokchilar nazariy bilimlar bilan bir qatorda amaliy mashg‘ulotlar va interaktiv treninglar orqali o‘zaro tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Seminar-trening doirasida inklyuziv ta’limni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, oliy ta’lim muassasalarida nogironligi bo‘lgan hamda alohida ta’lim ehtiyojlariga ega talabalar bilan ishlashda psixologik xizmatning o‘rni, ularning ta’lim jarayoniga moslashuvi va psixologik qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi. Inklyuziv ta’lim sharoitida talabalarning individual psixologik holatini inobatga olgan holda diagnostika va korreksiya ishlarini tashkil etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Shuningdek, seminar davomida talaba-yoshlar bilan ishlashda biopsixososial modeldan foydalanish, stress va emotsional zo‘riqishlarni boshqarish, akademik moslashuv va psixologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan milliy hamda xalqaro tajribalar tahlil qilindi. Ushbu yondashuvlar talabalarning psixologik holatini kompleks baholash va ularga o‘z vaqtida ko‘mak ko‘rsatish imkonini berishi ta’kidlandi.
Trening jarayonida psixologik xizmat faoliyatini rejalashtirish, hujjatlashtirish, monitoring qilish va samaradorligini baholash mezonlari bo‘yicha metodik tavsiyalar berildi. Talabalar bilan umumiy guruhlar kesimida psixologik diagnostika o‘tkazish, psixologik risk guruhlarini erta aniqlash, individual va guruhli korreksiya usullarini qo‘llash bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Seminar-trening yakunida oliy ta’lim muassasalarida psixologik xizmat faoliyatini yanada tizimlashtirish, psixologlarning kasbiy kompetensiyalarini oshirish, talaba-yoshlar bilan ishlash samaradorligini kuchaytirish hamda sog‘lom va barqaror psixologik muhitni shakllantirish bo‘yicha muhim xulosalar chiqarildi.
Mazkur seminar-trening oliy ta’lim muassasalari psixologlari uchun kasbiy bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlash, zamonaviy psixologik yondashuvlarni amaliyotga joriy etish hamda professional hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.



