
JIDUda talabalar o‘rtasida nizolar va salbiy illatlarning oldini olishga qaratilgan psixologik seminar-trening tashkil etildi
JIDUda talabalar o‘rtasida nizolar va salbiy illatlarning oldini olishga qaratilgan psixologik seminar-trening tashkil etildi

Joriy yilning 6-yanvar kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Talabalar o‘rtasida nizolarga sabab bo‘ladigan va shaxs ruhiyatiga salbiy ta’sir qiladigan vaziyatlarda psixoprofilaktik ishlarni olib borish. Giyohvandlikka, yengil hayotga, azart o‘yinlarga tobelik hamda ommaviy madaniyatga qarshi profilaktik ishlar” mavzusida psixologik seminar-trening tashkil etildi.
Mazkur seminar-trening Yoshlar ishlari ofisi, universitet psixologi hamda Geologiya fanlari universiteti oliy toifali psixologi M.Tashmetova hamkorligida olib borildi. Tadbir davomida mutaxassislar tomonidan talabalarning psixologik holatini doimiy kuzatish, muntazam muloqotlar orqali muammolarni erta aniqlash, diagnostika qilish va ularni bartaraf etish usullari yuzasidan atroflicha ma’lumot va amaliy tavsiyalar berildi.
Shuningdek, talabalar o‘rtasida nizolarga sabab bo‘ladigan omillar, ruhiy bosim va salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi holatlar tahlil qilinib, amaliy metodikalar asosida diagnostika va korreksiya ishlari olib borish bo‘yicha fikr almashildi. Seminar-trening jarayonida real hayotiy vaziyatlar misolida muammoli holatlarni hal etish bo‘yicha interaktiv mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Mutaxassislar tomonidan talaba-yoshlarning ruhiy barqarorligi ularning bo‘sh vaqtini mazmunli va maqsadli tashkil etish bilan chambarchas bog‘liqligi alohida ta’kidlandi. Talabalarni qiziqishlari doirasida turli to‘garaklar, klublar va ijtimoiy loyihalarga o‘z vaqtida yo‘naltirish giyohvandlik, yengil hayotga intilish, azart o‘yinlarga qaramlik hamda ommaviy madaniyatning salbiy ta’siriga qarshi ijtimoiy-psixologik immunitetni shakllantirishda muhim omil ekani qayd etildi.
Seminar-trening davomida psixologlar talabalarning atrof-muhitda yuz berayotgan holatlarga munosabati, stressli vaziyatlarda o‘zini tutishi hamda qaror qabul qilish jarayonlari bo‘yicha tushuntirishlar berib, ular bilan ochiq va do‘stona muloqotlar olib bordi. Bundan tashqari, talabalarda ommaviy madaniyatga nisbatan tanqidiy fikrlashni shakllantirish, ijtimoiy-psixologik dunyoqarashni rivojlantirishga qaratilgan psixologik texnikalar va metodikalar bilan tanishtirildi.
Xulosa o‘rnida ta’kidlanganidek, talaba-yoshlarning psixologik holati obyektiv va subyektiv omillar ta’sirida shakllanadi. Har bir talabani o‘z vaqtida to‘g‘ri yo‘naltirish, uning qiziqish va ehtiyojlarini inobatga olish orqali sog‘lom muhitni tanlashiga ko‘maklashish mumkin. Mazkur seminar-trening talabalarda sog‘lom turmush tarzi, mas’uliyatli yondashuv va mustahkam psixologik barqarorlikni shakllantirishga xizmat qildi.




