
Xalqaro huquq fakulteti talabalari — xalqaro tashabbus va akademik yutuqlar namoyishi
Xalqaro huquq fakulteti talabalari — xalqaro tashabbus va akademik yutuqlar namoyishi

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti “Xalqaro huquq” fakulteti talabalari I-semestr o‘qish jarayonida nafaqat nazariy bilimlarni puxta o‘zlashtirish, balki xalqaro ilmiy konferensiyalar, forumlar hamda nufuzli tanlovlarda faol ishtirok etish orqali o‘zlarining yuksak intellektual salohiyati va huquqiy tafakkurini amalda namoyon etib kelmoqdalar.
Jumladan, fakultet talabalari orasida akademik almashinuv dasturlari orqali bilim va tajribasini xalqaro miqyosda boyitib kelayotgan yoshlar ham mavjud. “Xalqaro huquq” fakulteti 4-bosqich talabasi Shavkatjonova Madinabonu ayni paytda NSP — Slovakiya Milliy Stipendiya dasturi granti asosida Trnava universitetida akademik almashinuv doirasida tahsil olmoqda. Talaba o‘quv semestri davomida fanlarni muvaffaqiyatli o‘zlashtirish bilan bir qatorda, universitetda tashkil etilayotgan madaniy va ilmiy tadbirlarda ham faol ishtirok etib, turli sertifikat va grantlarga sazovor bo‘lmoqda.
Shuningdek, fakultetimiz 3-bosqich talabasi Shahnozaxon Raximova Rossiya Federatsiyasining Omsk shahrida bo‘lib o‘tgan “Rossiya – Markaziy Osiyo mintaqasi” Yosh liderlarning V forumida to‘liq grant asosida ishtirok etdi. Forum doirasida tashkil etilgan amaliy mashg‘ulotlar va loyiha taqdimotlarida faol qatnashgan talaba o‘z tashabbuslari orqali xalqaro yoshlar hamkorligini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shdi.
Bundan tashqari, fakultetimiz 2-bosqich talabasi Madaminjonov Muhammadjon Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan tashkil etilgan United Nations Responsible Business and Human Rights Forumda faol ishtirok etdi.
Mazkur forum davlatlar, xalqaro tashkilotlar, biznes vakillari va fuqarolik jamiyatini birlashtirib, zamonaviy iqtisodiyot hamda inson huquqlari o‘rtasidagi muvozanatni muhokama qilish uchun nufuzli platforma sifatida xizmat qildi. Talabamizning ishtiroki unga yangi bilim va ko‘nikmalar orttirish, shuningdek, xalqaro huquq amaliyotini chuqurroq o‘rganish va global tajriba almashinuvida faol rol o‘ynash imkonini berdi.
Talabalar tomonidan mazkur xalqaro va mintaqaviy tadbirlarda qo‘lga kiritilayotgan yuqori natijalar ularning chuqur bilimga egaligi, mustaqil va tahliliy fikrlash qobiliyati hamda xalqaro-huquqiy masalalarga professional yondasha olish salohiyatini yaqqol tasdiqlaydi. Ushbu yutuqlar, o‘z navbatida, fakultetning akademik nufuzi va reytingini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
| Sana: | 25.12.2025 |
| Ko'rganlar soni: | 139 |
| Ulashish: |




