Ijara xonadonlarida yashovchi talabalarning yashash sharoitlari o‘rganildi

Ijara xonadonlarida yashovchi talabalarning yashash sharoitlari o‘rganildi

    Ijara xonadonlarida yashovchi talabalarning yashash sharoitlari o‘rganildi

    Ijara xonadonlarida yashovchi talabalarning yashash sharoitlari o‘rganildi

    Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rahbariyati tomonidan talabalarning hayoti, ularning ijtimoiy muammolari, xavfsizligi hamda munosib yashash sharoitlarini ta’minlash masalalariga doimiy e’tibor qaratib kelinmoqda. Shu maqsadda Toshkent shahrida ijara xonadonlarda istiqomat qilayotgan JIDU talabalari bilan uchrashuvlar tashkil etilib, ularning yashash sharoitlarini o‘rganish bo‘yicha manzilli monitoring ishlari olib borildi.

    Mazkur o‘rganish ishlari Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor O. Yusupdjanov boshchiligida, tegishli bo‘lim va mas’ul xodimlar ishtirokida amalga oshirildi. Tadbir davomida talabalar istiqomat qilayotgan ijara xonadonlaridagi umumiy muhit, yashash sharoitlari, xavfsizlik talablari, sanitariya-gigiyena holati, shuningdek, ma’naviy-psixologik muhit atroflicha o‘rganildi.

    O‘rganish jarayonida talabalar bilan ochiq va samimiy suhbatlar olib borilib, ularning kundalik turmush sharoitlari, ijara bilan bog‘liq muammolari, o‘qish jarayoniga ta’sir etayotgan omillar hamda ijtimoiy ehtiyojlari haqida fikr-mulohazalari tinglandi. Talabalar tomonidan bildirilgan masalalar joyida muhokama qilinib, ularning yechimi bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.

    Shuningdek, ijara xonadonlarida yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi, elektr va gaz jihozlaridan to‘g‘ri foydalanish, xonadonlarni ozoda saqlash, qo‘shnilar bilan sog‘lom muhitni ta’minlash, shuningdek, talabalar tomonidan ichki tartib-intizom qoidalariga amal qilinishi yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi. Bu borada talabalarning mas’uliyati va huquqiy madaniyatini oshirish muhim ekani alohida ta’kidlandi.

    Birinci prorektor O. Yusupdjanov o‘z so‘zida universitet rahbariyati uchun har bir talabaning farovonligi, xavfsizligi va sog‘lom muhitda ta’lim olishi ustuvor vazifa ekanini qayd etib, talabalar bilan doimiy muloqot olib borish, ularning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha tizimli ishlar davom ettirilishini bildirdi.

    Mazkur tashabbus talabalarning yashash sharoitlarini yaxshilash, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, o‘quv jarayoniga bo‘lgan munosabatini yanada oshirish hamda yoshlar bilan ishlash tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi. Kelgusida ham ijara xonadonlarda istiqomat qilayotgan talabalar holatini muntazam ravishda o‘rganish va manzilli choralar ko‘rish rejalashtirilgan.