
JIDU Xalqaro iqtisodiyot kafedrasi professor-o‘qituvchilari va talabalarining 4-son oilaviy poliklinikaga tashrifi to‘g‘risida
JIDU Xalqaro iqtisodiyot kafedrasi professor-o‘qituvchilari va talabalarining 4-son oilaviy poliklinikaga tashrifi to‘g‘risida

2025-yil 12-dekabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Xalqaro iqtisodiyot kafedrasi v.v.b. dotsenti Karimova X.R. hamda katta o‘qituvchi Bekmuradova F.A. boshchiligida “Xalqaro iqtisodiy munosabatlar” fakultetining 2-bosqich talabalari bilan birgalikda universitet xodimlari va talabalari biriktirilgan 4-son oilaviy poliklinikaga amaliy-tanishuv tashrifi amalga oshirildi.
Mazkur tashrifning asosiy maqsadi talabalarni birlamchi tibbiy xizmatlar tizimi faoliyati, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar mazmuni hamda sog‘liqni saqlash muassasalarining ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyati bilan yaqindan tanishtirishdan iborat bo‘ldi.
Tashrif davomida talabalar 4-son oilaviy poliklinika tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmat turlari, jumladan, birlamchi tibbiy ko‘rik, profilaktik tekshiruvlar, emlash xizmatlari, tor mutaxassislar qabulini tashkil etish, laboratoriya va diagnostika xizmatlari, shuningdek, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan xizmatlar bilan tanishdilar.
Shuningdek, talabalar poliklinikaga murojaat qilish tartiblari, elektron navbat tizimi, ro‘yxatdan o‘tish mexanizmlari, tibbiy hujjatlarni yuritish, shifokorlar qabulining ish jadvali va ish vaqti bilan yaqindan tanishtirildi. Poliklinika xodimlari tomonidan sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, kasalliklarning oldini olish va aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berildi.
Mazkur tashrif talabalarda sog‘liqni saqlash tizimining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdagi o‘rni, inson kapitalini rivojlantirishdagi ahamiyati hamda davlat xizmatlari samaradorligini oshirish masalalariga nisbatan amaliy tushunchalarni shakllantirishga xizmat qildi.
Mazkur tashrif Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror Rivojlanish Maqsadlari (BRM)ga mos holda tashkil etilib, talabalarning ijtimoiy mas’uliyatini oshirish, sog‘liqni saqlash tizimining ahamiyatini anglash hamda nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlashga xizmat qildi. Tashrif davomida talabalar birlamchi tibbiy xizmatlar faoliyati bilan tanishib, aholining sog‘liq va farovonligini oshirish (BRM 3), sifatli va amaliy ta’limni rivojlantirish (BRM 4), ijtimoiy tenglikni ta’minlash (BRM 10) hamda oliy ta’lim muassasalari va sog‘liqni saqlash tizimi o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash (BRM 17) yo‘nalishlarida muhim bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar.
Xulosa qilib aytganda, mazkur tashrif talabalarning ijtimoiy mas’uliyatini oshirish, sog‘liqni saqlash tizimining iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishdagi o‘rnini anglash hamda Barqaror Rivojlanish Maqsadlarini amaliy darajada tushunishlariga muhim hissa qo‘shdi.




