JIDU va YXHT o‘rtasida hamkorlikning yangi yo‘nalishlari muhokama qilindi

JIDU va YXHT o‘rtasida hamkorlikning yangi yo‘nalishlari muhokama qilindi

    JIDU va YXHT o‘rtasida hamkorlikning yangi yo‘nalishlari muhokama qilindi

    JIDU va YXHT o‘rtasida hamkorlikning yangi yo‘nalishlari muhokama qilindi

    2026-yil 23-iyun kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. YXHT delegatsiyasi tarkibidan amaldagi raisning muloqotni rivojlantirish va o‘zaro ishonchni mustahkamlash bo‘yicha maxsus vakili, elchi doktor Serj Rumin, YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, elchi Antti Karttunen hamda mediatsiya jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha xodim Lara Gruben o‘rin oldi. JIDU tomonidan uchrashuvda universitet rektori Sodiq Safoyev, akademik masalalar bo‘yicha birinchi prorektor Akram Umarov va ilmiy ishlar hamda innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Timur Dadabayev ishtirok etdi.

    Uchrashuv davomida YXHT delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi, Farg‘ona vodiysida o‘tkazilgan yoshlar seminari hamda Toshkentdagi vazirlik va idoralar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar muhokama qilindi. Tashrifning asosiy maqsadlaridan biri mintaqa yoshlari bilan xalqaro tajriba almashish, ular o‘rtasida muloqot, o‘zaro anglashuv va ishonchni mustahkamlash ekani ta’kidlandi.

    JIDU rektori Sodiq Safoyev universitet va YXHT o‘rtasida bo‘lajak diplomatlarni tayyorlash, yoshlar yetakchiligini rivojlantirish va mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish muhimligini qayd etdi. U tomonidan YXHTga a’zo davlatlar o‘rtasidagi muloqot va hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan “Connectivity Dialogue” platformasini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi. JIDU mazkur yo‘nalishda ekspertlik va yoshlar muhokamalarini o‘tkazish uchun samarali maydon bo‘lishga tayyorligini bildirdi.

    YXHT vakillari yosh diplomatlarni tayyorlash dasturlarini ishlab chiqish, nizolarning oldini olish, mediatsiya va o‘zaro ishonchni mustahkamlash bo‘yicha treninglar, seminarlar va mahorat darslarini o‘tkazish imkoniyatlarini taklif etdilar. Shuningdek, sobiq elchilar va tajribali diplomatlar ishtirokida uchrashuvlar tashkil etish, mintaqa yosh diplomatlari o‘rtasida professional aloqalarni rivojlantirish hamda yoshlar dasturlari bitiruvchilari tarmog‘ini yaratish masalalari ko‘rib chiqildi.

    Tomonlar Erasmus+ kabi xalqaro ta’lim dasturlari, qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalari, konferensiyalar va ekspertlik muhokamalari doirasidagi hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar. Uchrashuvda JIDUda “YXHT modeli — Model OSCE” formatini tashkil etish tashabbusi ham ilgari surildi. Yakunda tomonlar qo‘shma ta’lim, ilmiy va yoshlar loyihalarini amalga oshirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.