
Barqaror rivojlanish g‘oyalari asosida talabalar uchun viktorina o‘tkazildi
Barqaror rivojlanish g‘oyalari asosida talabalar uchun viktorina o‘tkazildi

Joriy yilning 11-dekabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti “Xalqaro munosabatlar” fakulteti “Siyosatshunoslik” kafedrasi o‘qituvchilari rahbarligida Talabalar turar joyida istiqomat qiluvchi talabalar uchun viktorina tashkillashtirildi.
Tadbirning asosiy maqsadi talabalarning siyosiy savodxonligini oshirish, ularning tahliliy fikrlash va qaror qabul qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘lib, bu O‘zbekiston Respublikasi doirasida amalga oshirilayotgan Barqaror rivojlanish maqsadlarining 4-maqsadi — Sifatli ta’limga muvofiq, talabalarda sifatli va amaliy bilim olish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qildi.
Shuningdek, siyosiy jarayonlar, qonun ustuvorligi va davlat boshqaruvi bo‘yicha bilimlarni mustahkamlash orqali tadbir 16-maqsad — Tinchlik, adolat va samarali institutlar yo‘nalishiga mos tarzda o‘tkazildi. Fakultet, kafedra va talabalar turar joyi o‘rtasidagi samarali hamkorlik esa 17-maqsad — Hamkorlik yo‘nalishidagi tashabbuslarni mustahkamlashga xizmat qildi.
Viktorina davomida talabalar global siyosiy jarayonlar, xalqaro tashkilotlar faoliyati, siyosiy institutlar va davlat boshqaruvi tizimi bo‘yicha o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdilar. Eng yuqori natija ko‘rsatgan ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.
Mazkur tadbir talabalarning siyosiy madaniyatini rivojlantirish, ularni ijtimoiy hayotda faol bo‘lishga undash, shuningdek universitetda barqaror rivojlanish maqsadlariga mos ma’rifiy muhitni mustahkamlashga xizmat qildi.




