
JIDU talabalari uchun O‘zbekiston Respublikasining yetakchi huquqshunos olimlari ishtirokida maxsus ma’rifat darsi tashkil etildi
JIDU talabalari uchun O‘zbekiston Respublikasining yetakchi huquqshunos olimlari ishtirokida maxsus ma’rifat darsi tashkil etildi

Joriy yilning 9-dekabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Xalqaro xususiy huquq” kafedrasi, y.f.d, professor B. Hamroqulov tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Odil Sudlov Akademiyasi professori, yuridik fanlari doktori Muxitdinova Farruxa Faxriddinovna va Sobirov Erkinjon Kuchkarbayevich(PhD) tomonidan “Xalqaro huquq” fakulteti 1-bosqich talabalari uchun “Millat qo‘shig‘i” va “O‘zbekiston Respublikasida Konstitutsiya va sud islohotlari” mavzularida maxsus ma’rifat darsi bo‘lib o‘tdi.
Ular talabalarga milliy g‘oya, qonun ustuvorligi va fuqarolik pozitsiyasi kabi fundamental masalalar yuzasidan ikki asosiy mavzuda ma’lumot berishdi:
1. “Millat qo‘shig‘i” mavzusi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat ramiz bo‘lgan Davlat madhiyasi, uning Vatanparvarlik, milliy o‘zlikni anglash va ma’naviy merosimizning yosh avlod tarbiyasidagi o‘rni chuqur tahlil etildi.
2. “O‘zbekiston Respublikasida Konstitutsiya va sud islohotlari” mavzusi esa yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning inson huquqlari va erkinliklarini mustahkamlashga qaratilgan asosiy normalariga bag‘ishlandi. Shuningdek, ma’ruzachilar O‘zbekistonda adliya va sud tizimining shaffofligi, mustaqilligi va samaradorligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan kompleks islohotlarning mazmun-mohiyatini batafsil yoritib berdilar.
Ushbu ma’rifat darsining asosiy maqsadi – xalqaro munosabatlar va diplomatiya sohasida faoliyat yuritishga tayyorlanayotgan “Xalqaro huquq” fakulteti 1-bosqich talabalarining Konstitutsiyaviy qadriyatlar, insonparvarlik tamoyillari hamda huquqiy bilimlarini chuqurlashtirishdan iborat bo‘ldi. Bu kabi tadbirlar orqali talabalar nazariy bilimlarni amaliy islohotlar kontekstida tushunishga va kelajakda davlat siyosatini xalqaro maydonda munosib himoya qilishga tayyorlanishga erishadilar.
Tadbir yakunida savol-javob sessiyasi bo‘lib o‘tdi, unda talabalar soha mutaxassislariga o‘zlarini qiziqtirgan masalalar bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilib, asosli va keng qamrovli javoblar olish imkoniga ega bo‘ldilar.
| Sana: | 09.12.2025 |
| Ko'rganlar soni: | 44 |
| Ulashish: |




