
JIDUda “Konstitutsiyadagi inson qadri va ekologik huquqlar” mavzusida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi
JIDUda “Konstitutsiyadagi inson qadri va ekologik huquqlar” mavzusida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi

2025 yil 2-dekabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, O‘zbekiston Ekologik partiyasi hamda Toshkent davlat yuridik universiteti hamkorligida “Konstitutsiyadagi inson qadri va ekologik huquqlar” mavzusiga bag‘ishlangan ochiq muloqot tashkil etildi. Tadbirda inson huquqlari, ekologik xavfsizlik va ekologik siyosatning mamlakat taraqqiyotidagi o‘rniga bag‘ishlangan muhim masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Tadbirni JIDU Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Odil Yusupjanov ochib berdi. U o‘z nutqida inson qadrini yuksaltirish va ekologik huquqlarni ta’minlash bo‘yicha davlat tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar, ularning amaliyotdagi ahamiyati va bu jarayonda yoshlarning faol ishtiroki muhim ekanini ta’kidladi.
Tadbirda qonun ijodkorligi va ekologik huquqlar sohasidagi yetuk mutaxassislar ishtirok etdi:
Tajibaeva Gulchehra Sadriddinovna — O‘zbekiston Ekologik partiyasidan saylangan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati;
Fayziev Shuhrat Hasanovich — Mirzo Ulug‘bek tumani Kengashi deputati, Adliya vaziri 1-maslahatchisi, TDYU “Ekologiya huquqi” kafedrasi professori.
Spikerlar o‘z ma’ruzalarida Konstitutsiyada aks etgan inson huquqlarining yangi kafolatlari, ekologik xavfsizlikni ta’minlash, tabiat resurslaridan oqilona foydalanish va jamiyatda ekologik madaniyatni oshirish bo‘yicha davlatning ustuvor vazifalari haqida atroflicha ma’lumot berishdi.
Tadbir davomida talabalar, tadqiqotchilar va yosh mutaxassislar ekologik qonunchilik, fuqarolarning ekologik mas’uliyati, jamoatchilik nazoratining o‘rni va amaliyotdagi muammolarga oid savollarini yo‘lladilar. Mehmonlar tomonidan har bir savolga huquqiy va amaliy asoslangan javoblar berildi.
Shuningdek, ekologik ta’limni rivojlantirish, universitetlar o‘rtasida hamkorlik yo‘nalishlarini kengaytirish, yoshlar o‘rtasida ekologik tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash kabi qator taklif va g‘oyalar ilgari surildi. Talabalar tomonidan ekologik yoshlar loyihalari, o‘quv-amaliyot dasturlari va innovatsion g‘oyalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar taqdim etildi.
Tadbir yakunida “Yilning eng yaxshi ekologi” tanlovi g‘oliblari tantanali tarzda taqdirlandi. Tadbir ekologik madaniyatni oshirish, ekologik siyosatni qo‘llab-quvvatlash va yoshlarning atrof-muhit muhofazasidagi faolligini yanada kuchaytirishga xizmat qildi.
Ushbu muloqot JIDUdagi ekologik ta’lim va faol yoshlar tashabbuslarini rag‘batlantirish, shuningdek ekologik huquqlar sohasida ilmiy-amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi.
| Sana: | 03.12.2025 |
| Ko'rganlar soni: | 74 |
| Ulashish: |



