
JIDUda O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik huquqi tizimida muddatlar va da’vo muddati tushunchasi, ahamiyati va boshqa huquq tarmoqlari bilan aloqadorligi muhokama qilindi
JIDUda O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik huquqi tizimida muddatlar va da’vo muddati tushunchasi, ahamiyati va boshqa huquq tarmoqlari bilan aloqadorligi muhokama qilindi

Joriy yilning 1-dekabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik huquqida muddatlarni hisoblash va belgilash, da’vo muddatining ahamiyati, uning boshlanishi, turlari va huquqning boshqa sohalari bilan aloqasi” mavzusida mahorat darsi o‘tkazildi.
Mahorat darsida Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasi yuristkonsuli Xolxo‘jayev Azizxon Avaz o‘g‘li, Fuqarolik huquqi va xalqaro xususiy-huquqiy fanlar kafedrasi o‘qituvchilari hamda Xalqaro huquq fakulteti 2-kurs talabalari ishtirok etishdi.
Mahorat darsi davomida mavzu A.Xolxo‘jayev hamda “Xalqaro arbitraj va nizolarni hal etish” yo‘nalishi magistrantlari D.Nortojiyev va F.Abdinazarovalar tomonidan tinglovchilar ishtirokida yoritib berildi. Fuqarolik huquqida muddatlar va da’vo muddatlari tushunchalari, ularning kelib chiqishi, turlari, o‘tishining boshlanishi, hisoblash tartibi, muddatlarning to‘xtatilishi va uzilishi masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, da’vo muddatlarining sud jarayonlarida qo‘llanilishi, ularni tiklash imkoniyatlari va boshqa huquq sohalari bilan bog‘liqligi, xususan, mehnat huquqi bilan o‘xshash va farqli tomonlari ko‘rib chiqildi.
Mahorat darsi talabalarga sud amaliyotida da’vo muddatlarini hisoblash va qo‘llash, umumiy va maxsus muddatlarni farqlash, ular qo‘llaniladigan vaziyatlar haqida amaliy bilimlar berdi. Huquqshunos A.Xolxo‘jayev da’vo muddatlari bilan bog‘liq sud ishlari va ular bo‘yicha qabul qilingan qarorlar haqida ham ma’lumot berdi. Muddatlar va da’vo muddatlarini to‘g‘ri qo‘llash odil sudlovni ta’minlashga va sudda taraflarning huquqlarini samarali himoya qilishga ko‘maklashadi.
Iqtisodiy yurisdiksiya sudlari tomonidan fuqarolik qonunchiligining da’vo muddatlari to‘g‘risidagi normalarini qo‘llash haqidagi O‘zbekiston Respublikasi Oliy iqtisodiy sudi Plenumining 2015-yildagi 282-sonli qaroriga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur qaror mahorat darsi ishtirokchilari hamda Fuqarolik huquqi va xalqaro xususiy-huquqiy fanlar kafedrasi professori, yuridik fanlar doktori Raimova N.D. tomonidan batafsil tushuntirildi, talabalar esa mavzu yuzasidan chuqur savollar berishdi.
Mahorat darsi talabalarda muddatlarni to‘g‘ri hisoblash, umumiy va maxsus da’vo muddatlarini farqlash, ularni amaliyotda to‘g‘ri qo‘llash ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qildi. Yakunda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik huquqi tizimidagi muddatlar va da’vo muddatlarining mazmuni ochib berildi, mavjud kamchiliklar ko‘rib chiqildi, sud amaliyotidagi muammolar tahlil etildi va ularni takomillashtirish yo‘nalishlari muhokama qilindi.
| Sana: | 01.12.2025 |
| Ko'rganlar soni: | 81 |
| Ulashish: |



