
Tufts universiteti vakili JIDUga tashrif buyurdi
Tufts universiteti vakili JIDUga tashrif buyurdi

Joriy yilning 19-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga AQSh ning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri - Tufts universiteti vakili Robert Bendetson tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida mehmonlar JIDU Akademik ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Akram Umarov bilan uchrashuv o‘tkazdilar.
Muzokaralar boshida Akram Umarov Tufts universiteti vakiliga JIDU delegatsiyasi a’zolarini tanishtirdi va universitetning faoliyati, ilmiy-pedagogik salohiyati hamda xalqaro hamkorlikdagi ustuvor yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Robert Bendetson uchrashuv davomida Tufts universitetining faoliyati hamda uning xalqaro hamkorlikka yo‘naltirilgan strategiyasi haqida ma’lumot berdi. U universitetning Markaziy Osiyo davlatlari, ayniqsa O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari bilan aloqalarni rivojlantirishga qiziqishi yuqoriligini qayd etdi. Shuningdek, Tufts universiteti va JIDU o‘rtasidagi hamkorlik ikki tomon uchun ham o‘zaro manfaatli bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikning kelgusida yanada samarali, tizimli va barqaror rivojlanishiga ishonch bildirdilar.




