
JIDUda eng nufuzli xalqaro tanlovlardan biri - Vis Moot’ga tayyorgarlik ko‘rishga bag‘ishlangan mahorat darsi o‘tkazildi
JIDUda eng nufuzli xalqaro tanlovlardan biri - Vis Moot’ga tayyorgarlik ko‘rishga bag‘ishlangan mahorat darsi o‘tkazildi

2025-yil 8-noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida talabalarning kasbiy malakalarini oshirish doirasida xalqaro yuridik amaliyot va sud muzokaralari bo‘yicha tanlovlarga (moot court) tayyorgarlik ko‘rish bilan qiziquvchi talabalar uchun ma’ruza tashkil etildi. Tadbirni o‘qituvchi Rushana Sa’dullayeva olib bordi.
Taklif etilgan mutaxassis sifatida taniqli saudiyalik huquqshunos, Saudiya Arabistoni Advokatlar uyushmasi a’zosi Aljavhara Bingurayr ishtirok etdi. Uning Saudiya Arabistoni Qirolligidagi huquqshunoslik sohasidagi kasbiy tajribasi 8 yildan ortiq.
Ma’ruza davomida mutaxassis talabalarga xalqaro tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etish bo‘yicha qimmatli amaliy maslahatlar berdi, eng nufuzli musobaqalardan biri - Vis Mootga tayyorgarlik ko‘rish strategiyasi va nozik jihatlariga alohida e’tibor qaratdi. Talabalar nafaqat tanlov materiallari ustida ishlash bo‘yicha tizimli ko‘rsatmalar oldilar, balki interaktiv munozara shaklida bevosita tan olingan mutaxassis bilan savol-javob qilish va xalqaro yuridik amaliyotning nozik jihatlarini muhokama qilish imkoniyatiga ham ega bo‘ldilar.
Ma’lumot uchun: Aljavhara Bingurayr AQSHdagi Pensilvaniya shtati universitetining nufuzli Dikinson huquqshunoslik maktabi bitiruvchisi bo‘lib, u yerda huquq, fan va texnologiyalar, shuningdek, korporativ huquq bo‘yicha huquq magistri (LL.M.) darajasini olgan. O‘qish davrida Bingurayr xonim Vilyam S. Vis nomidagi 32-xalqaro tijorat arbitraji (Vis Moot) tanlovida Penn State universitetini tamsil etish uchun tanlangan, bu esa uning xalqaro tijorat arbitraji bo‘yicha yuqori darajadagi bilimga ega ekanligidan dalolat beradi.




